Turon qoploni haqida afsona

4

Mardlik to’g’risida so’z yuritganda, necha ming yillardan buyon jasoratning tirik afsonasiga aylangan , Ona yurtga muhabbat timsoli sifatida tilga olinadigan Jaloliddin  Manguberdi ko’z oldimizda gavdalanadi. Jaloliddin Manguberdi yoki Jaloliddin Menguberdi (Jalol id-Diniya va-d-Din Abu-l-Muzaffar Mankburni ibn Muhammad) (1199—1231) — (1220 yildan buyon) so‘nggi xorazmshoh, Ala id-Din Muhammad II va uning turkman xotini Oychechaklarning to‘ng‘ich o‘g‘li.Jaloliddin “Mekburni” (yoki Manguberdi) nomini olgan bo’lib , bu yuzida “holi bor” degan ma’noni anglatgan.Jaloliddin Manguberdining yaqin a’yonlaridan biri bo’lgan, mashhur tarixchi Shihobiddin Muhammad an-Nasaviy uni shunday tasvirlagan: «…U bug’doyrang, o’rta bo’yli, turkiy qiyofali va turkiyda gapiradigan odam edi, shu bilan birga, forsiyda ham so’zlasha olardi. Uning mardligi, jasurligiga kelsak, janglardagi qahramonliklarini eslab o’tishning o’zi kifoya qiladi. U sherlar orasida eng zo’r sher edi, qo’rqmas chavandoz, lashkarlar orasida eng botir edi. U  jahldor emasdi, haqoratomuz so’zlarni aytmasdi. U nihoyatda jiddiy edi, kulmasdi, faqat jilmayib qo’yardi, kam gapirardi…»Jaloliddinning otasi Alouddin Muhammad (hukmronlik davri 1200 — 1220 y.) dastavval Alouddin Muhammad Nishopur, Marv, Saraxsni zabt etdi. Undan so’ng Xorazmshoh ko’p janglar o’tkazdi, g’uriylarni kuchsizlantirib, ularning ko’p yerlarini tortib oldi. Bora-bora, bir vaqtlar qudratli hisoblangan g’uriylar davlati Alouddin Muhammadning tazyiqi sabab, parchalanib ketdi…Alouddin Muhammad Xorazmshohlar imperiyasini yanada kengaytirib, Sirdaryodan Iroqi Arabga cho’zilgan ulkan hududga ega bo’ldi va o’sha davr Islom olamining eng qudratli davlatiga aylantirdi.

Biroq, shunday qudratga ega bo’lgan sulton Alouddin Muhammad o’z davlatiga tamomila hukmron bo’la olmadi. Mo’g’ullar istilosi arafasida xorazmshohlar davlatida o’ziga xos diarxiya — ikkihokimlik tuzumi vujudga kelgan: mutlaq hukmdor deb sulton Muhammad hisoblanardi, ikkinchi tarafdan u o’z onasi Turkon xotunning itoatida edi. Turkon xotun esa davlatning ichki va tashqi ishlarida ikkinchi hukmdor, ayrim masalalarda hatto sultonga muxolif ham edi. Xorazmshohning buyruq va farmonlari ko’pincha qudratli Turkon xotun tomonidan bekor qilinar va hech qanday kuchga ega bo’lmay qolardi.«Jahon hokimi» degan laqabga ega bo’lgan Turkon xotun faqat sultonga hukmini o’tkazibgina qolmay, balki moliya ishlarini ham boshqarardi va amirlar, amaldorlarga ham farmon berardi. Bu holat mo’g’ullar istilosi arafasida xorazmshohlar davlatidagi ahvolning barqarorligini birmuncha yo’qotdi….1218 yilda Movarounnahrga kelgan Chingizxon elchilari Alouddin tomonidan qabul qilindi. Ikki o’rtada savdo shartnomasi tuzildi. Biroq, Chingizxonning savdogarlar karvoni O’trorga kelganda shu yerning noibi Inolxon ularni qatl etib, mol-dunyolarini tortib oladi. Aslini olganda, qatl etilganlar savdogarlar niqobidagi josuslar ekani ayon bo’lsa ham, aniq isbotlar yo’qligi sabab, bu o’ta jiddiy siyosiy xatoga aylandi. Bu mudhish voqea oqibatda necha-necha minglab musulmonlarning halok bo’lishiga olib keldi…

G’azablangan Chingizxon Inolxonni berishni talab qilib, Muhammad huzuriga ibn Kafraj Bug’ra ismli mashhur kishi boshchiligidagi elchilarini yuboradi.Biroq Xorazmshoh Alouddin Muhammad o’g’li Jaloliddin Manguberdining so’ziga kirmay, Inolxonni Chingizxonga bermaydi. Bu ham etmaganiday, ibn Kafraj Bug’ra va uning yo’ldoshlarini qatl qilib yuboradi.Mo’g’ullar bosqini arafasida Xorazmshoh harbiy kengash chaqiradi. Unda atoqli davlat arbobi Shahobiddin Abu Sa’d ibn Imron al-Xivaqiy Alouddinga barcha lashkarlar bilan (600 minglik!) Chingizxonga qarshi chiqish kerak, degan taklifni o’rtaga tashlaydi. (Chingizxonning qo’shinlari soni Xorazmshohnikidan 3-4 barobar kam edi!) Manguberdi ham foydali maslahat beradi. Uning fikri bo’yicha, dushmanni Movarounnahrga kiritib, so’ng mahalliy yerni dushmanga nisbatan yaxshi bilganlikdan foydalanib, uni yakson etish ko’zda tutilardi. Biroq Alouddin Muhammad bu takliflarni rad etib, barcha qo’shinini shahar va qal’alarga bo’lib, parchaladi. Oqibatda, Chingizxonda raqib kuchlarini bittama-bitta, osongina qirib tashlash imkoni tug’ildi.

Sulton Alouddin Muhammad o’limidan bir necha kun oldin o’g’illari Jaloliddin, Oqshoh va O’zloqshohni huzuriga chorlab, “Manguberdidan boshqa o’chimni oladigan, bu harakatni to’xtatadigan o’g’lim yo’q. Uni voris etib tayinlayman. Unga itoat etingiz” deydi va qilichini o’z qo’li bilan katta o’g’lining beliga bog’laydi. Shu bilan aytish mumkinki, Turkon xotun tomonidan tayinlagan sulton — O’zloqshoh vorisligi bekor qilindi. Jaloliddin Manguberdi eng mushkul, tahlikali vaziyatda o’zi yo’g’-u nomigina bor davlatning sultoniga aylandi.Jaloliddin Manguberdi Ozarbayjondagi otabeklar davlatini tarix sahnasidan chiqarib yuborgach, Shirvon, qudratli Gurjiston imperiyasini qulatdi.Mavqeidan mo’g’ullar ham hayiqib qolgan Manguberdi 1227 yilning sentabrida asosiy dushman bilan to’qnashdi. Jang ayovsiz kechadi. Unda, ayniqsa, mo’g’ullar ko’p talafot ko’radilar. Biroq jangning eng qizg’in pallasida Jaloliddinning ukasi G’iyosiddin Pirshoh unga xoinlik qilib, qo’shinlari bilan qochib ketadi. Lekin shunda ham Jaloliddin zafar qozonadi, mo’g’ullar talafot ko’rib, qochishga tushadilar.Mo’g’ul lashkarboshilaridan biri Taynal no’yon Jaloliddinning bu jangdagi jasoratini ko’rib, shunday degan ekan: “Haqiqatan ham u o’z davrining bahodiri va tengqurlarining dohiysidir!”

Jaloliddin Manguberdining Vatani, millati va dinining g’ururini barcha narsadan ustun qo’yishini tarixchilarning ushbu qaydlaridan ham bilsa bo’ladi:“…Hilotni qamal qilish paytida Jaloliddin singlisi Xonsultondan xat oladi, u taqdir taqozosi bilan Chingizxonning o’g’li Jo’jining xotini bo’lgan edi. Maktubda shunday deyilgandi: “Sening qudrating, kuching va mulklaringning ulkanligi haqidagi xabar Xoqonga yetdi. Shuning uchun u sen bilan qarindosh bo’lishga qaror qilib, mulklaringiz chegarasini Jayhun daryosi bo’yicha o’tkazish haqida kelishib olmoqchi. Senga — daryogacha bo’lgan, unga — daryodan naridagi yerlar. Shuning uchun agar sen ularga qarshi turishga kuch yig’olsang, qasos ol, agar yengsang, xohlaganingcha ish tutasan. Agar yengishga ko’zing yetmasa, fursatdan foydalanib, ularning istagi bo’yicha sulh tuz!”Biroq Xorazmshoh xatga javob ham yozmadi, uni ,xuddi ,keraksiz matoxday nazarga olmadi, niyatlaridan chalg’ituvchi undov deb bildi.

Xorazmshohning atrofidagi davlatlar hukmdorlari — Qo’niyo sultoni Kayqubod I, Damashq hokimi Al-Malik al-Ashraf va yana boshqa hukmdorlar bilan munosabatini ijobiy deb bo’lmasdi. Bundan bilsa bo’ladiki, Jaloliddin diplomatiya sohasida birmuncha qiziqqonlikka yo’l qo’ygan. Aynan shu omil Manguberdining asosiy dushman — mo’g’ullar oldida yakkalanib qolishiga zamin yaratdi.1230 yil 7 avgustda Arzinjon yaqinidagi Yassi Chaman tekisligida Alouddin Kayqubod I va Xorazmshoh o’rtasida ilk to’qnashuv bo’lib o’tdi. 700 otliq bilan dushmanning 3000 kishilik saralangan suvoriylariga qarshi borgan Jaloliddin g’olib bo’ldi, raqibini yakson qildi. Biroq , Xorazmshoh g’alabadan to’liq foydalana olmadi: mag’lublarni ta’qib etib o’tirmadi va uning bu harakati dushmanni tor-mor bo’lishdan xalos etdi.Vaziyatdan foydalanib, o’zini o’nglab olgan ittifoqdoshlar 1230 yil 10 avgustda jang boshladilar. Oqibatda Manguberdining lashkari mag’lub bo’ladi va tarqatib yuboriladi. Jaloliddin askarlaridan ajrab, Hilot tomonga ot soladi.

Xorazmshoh lashkarining yengilganiga qaramay, ittifoqdoshlar harakatlarini uning yerlarigacha davom ettirolmadilar, chunki ular Sultonning chekinishini bir hiyla, deb tushundilar. Ularning qalblarini Manguberdidan qo’rquv va ehtirom shunchalik qamrab olgan ediki, uni ta’qib etishga jur’at eta olmadilar va ortga qaytdilar.Jaloliddinning Yassi Chaman yaqinida tor-mor etilganini eshitgan ismoiliylar mo’g’ullarga Manguberdining zaiflashganini aytishadi va ularni hujumga undaydilar.Jaloliddin dushmanlariga qarshi dovyurak qarshiliklar ko‘rsatadi. 1230 yil Iroqdagi Xilot qal’asi zabt etilgach, xorazmshoh Mesopotamiya va Kichik Osiyo hukmdorlarining ittifoqi natijasidagi hujumda mag‘lubiyatga uchraydi. Jaloliddin qo‘shiniga yakuni zarbani Charmag‘on boshchiligidagi mo‘g‘ullarning Ugedey lashkari yetkazadi. Jaloliddin jangda og‘ir jarohatlanadi, so‘ngra u Kurdiston tog‘lariga yashirinishga harakat qiladi u o‘sha yerda o‘ldiriladi.

Jaloliddin siymosi afsonaga aylandi. Yozuvchi Vasiliy Yan unga bag’ishlab “Mardlik qanotlarida” ertak-qissasini yozdi.Jaloliddin Manguberdi “milliy qahramon”lardan biri. 1999- yili mamlakatimizda Jaloliddin tavalludining 800 yilligi keng nishonlangan. O‘zbekistonda unga atab bir nechta haykallar o‘rnatilgan, Xorazm viloyatida Jaloliddin Manguberdiga bag‘ishlangan memorial majmua qurilgan.1999 yil Jaloliddinning 800-yillik yubileyiga bag‘ishlangan 25 so’mlik yubiley tangalar muomalaga kiritilgan.2000 yilning 30 avgust kuni “Jaloliddin Manguberdi” ordeni ta’sis etilgan. Bu orden bilan mamlakat mustaqilligini, Vatan sarhadlarini, ona yurt tuprog‘ini himoya qilishda hamda uni ko‘z qorachig‘iday asrashda yuksak harbiy mahorat, qahramonlik va jasorat namunalarini ko‘rsatgan, davlatning mudofaa qudratini mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shgan qo‘mondonlik tarkibiga kiruvchi harbiy xizmatchilar mukofotlanadi.

Internet ma’lumotlari asosida tayyorlandi

 

Toshkent harbiy okrugi Matbuot xizmati