12-aprel – Xalqaro aviatsiya va kosmonavtika kuni  

4

Bugun, 12-aprel – Yuriy Alekseyevich Gagarin insoniyat tarixida birinchi marotaba ochiq koinotga parvoz qilgan kun.

1961-yilning 12-aprelda Yuriy Alekseyevich Gagarin “Vostok” kosmik kemasida bashariyat tarixida birinchi marotaba ochiq koinotga parvoz qilgan va kosmosni o‘zlashtirish erasini ochib bergan edi. U Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan 9:07 da o‘zining mashhur xitobi – “Поехали!” deya startga chiqib, 108 daqiqa mobaynida Yer shari atrofida orbital parvozda bo‘ldi va soat 10:55 da Saratov viloyatidagi Smelovka qishlog‘idagi dala hududiga muvaffaqiyatli qaytib qo‘ngan.

1962-yildan boshlab bu sana kosmonavtika kuni sifatida keng nishonlanadigan bo‘ldi. Ushbu sanani bayram kuni sifatida nishonlash taklifini  birinchi kosmik parvozda Yuriy Gagarinning dublyori bo‘lgan ikkinchi fazogir – German Titov bergan edi.

Kosmonavtika kuni bayrami dastlab faqat SSSRning o‘zida nishonlangan. Ikkinchi fazogir – German Titovning taklifi bilan Sovet Ittifoqi hukumati ushbu sanani xalqaro bayram kuni sifatida nishonlash tashabbusini BMTga kiritdi. 1968-yil Xalqaro aviatsiya federatsiyasining 61-Bosh konferensiyasida 12-aprel sanasini Butunjahon aviatsiya va kosmonavtika kuni deb e’lon qilishga kelishib olingan edi.

2011-yilning 7-aprelidagi BMT rezolyutsiyasi orqali Yuriy Gagarin parvozining 50 yilligi munosabati bilan BMT Bosh assambleyasi 12-aprelni insonning koinotga parvoz qilgan kuni xalqaro bayrami sifatida nishonlash haqida qaror chiqardi.

Toshkent harbiy okrugi Matbuot xizmat