Toshkent harbiy okrugi tarixi

Mamlakatimizda zamonaviy talab va standartlarga javob beradigan, yurtimiz mustaqilligi, uning xavfsizligi va hududiy yaxlitliligini ishonch bilan himoya qiladigan Qurolli Kuchlarni barpo etish va milliy armiyamizni shakllantirish borasida o‘zining mohiyati va ko‘lamiga ko‘ra tom ma’noda ulkan ishlar amalga oshirildi.

Xavfsizlikga tahdid solishi mumkin bo‘lgan va kelib chiqayotgan xavf-xatarlarni har tomonlama tahlil etish asosida armiyamizni isloh qilishning uzoq muddatli dasturi ishlab chiqildi va amalga oshirilmoqda.

1991-yilning 31-avgustida «O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining asoslari to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilinib, bu muhim hujjat Respublikamizdagi harbiy siyosatni amalga oshirish huquqini berdi. YA’ni, tilga olingan Qonun, “O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi to‘g‘risida”gi bayonot o‘z Qurolli Kuchlarimizni tuzishimiz uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qildi.

1992-yilning 14-yanvarida Respublika Oliy Kengashining “O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan harbiy qismlar va harbiy o‘quv muassasalari to‘g‘risida”gi Qarori tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Bunga ko‘ra, mamlakatimiz hududidagi harbiy tuzilmalar Respublika tasarrufiga olindi.

Respublikamizda mustaqillik yillarida mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligi, uning sarhadlari daxilsizligini ta’minlash bo‘yicha taktik va strategik vazifalarni samarali hal etishga qodir bo‘lgan, zamonaviy, harakatchan, har tomonlama yaxshi qurollangan armiyani tashkil etish bo‘yicha o‘zining ko‘lami va miqyosiga ko‘ra ulkan ishlar tizimli va bosqichma-bosqich ravishda amalga oshirilib kelinmoqda.

Milliy armiyamiz salohiyatini yuksaltirish yo‘lida hayotga tadbiq etilgan islohotlardan biri sifatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 9-yanvar kunidagi 13-5-sonli Qarori va O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa Vazirining 2001-yil 12-yanvar kunidagi 05-sonli buyrug‘iga asosan «Qo‘shinlarning Boshqaruv tizimini takomillashtirish borasida «Toshkent» birlashgan qo‘mondonligi bazasida Toshkent Harbiy okrugi tashkil etildi.

Okrugning ma’muriy chegarasi Toshkent shahri, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarini o‘z ichiga oladi.

Toshkent harbiy okrugi qo‘mondonlari:

General-leytenant TOSHMATOV Baxodir Xamidovich 

2001-yil 2-maydan 2005-yil  17-maygacha

 

General-mayor KOMILOV Akmal Adxamovich

2005-yil 22-iyundan 2008-yil 9-oktabrgacha

General-leytenant MAXMUDOV Viktor Vladimirovich

2008-yil 9-oktabrdan 2010-yil  9-iyungacha

Polkovnik XALILOV Rustam Mirzabaxtiyarovich

2010-yil 3-iyundan 2012-yil 25-iyulgacha

Polkovnik BUZRUKOV Lutfullo Yusupovich

2012-yil 26-iyuldan 2018-yil 13-yanvargacha

General-mayor KURBANOV Baxodir Nizamovich

2018-yil 13-fevraldan 2019-yil 11-fevralgacha

 

 

O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning okrug hududiga ikki marotaba tashrifi amalga oshirildi.

Xususan, 2017-yilda Chirchiq shahridagi 71201-harbiy qismga tashrif buyurdi va harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar, bundan tashqari, 2018-yil 28-noyabrda Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari tomonidan Chirchiq poligonida Qo‘shinlarni yuqori jangovar shaylikka keltirish bo‘yicha o‘tkazilgan taktik o‘quv mashg‘ulotida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Miromonovich Mirziyoyev shaxsan ishtirok etib, taktik o‘quv mashg‘ulotini yuqori baholadilar.

Toshkent harbiy okrugida 2018-yil va joriy yil davomida “Aniq maqsadli tadbirlar yili” shiori ostida barcha sohada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.