Harbiy qismda o‘tkazilgan mehnat yarmarkasida ko‘plab harbiy oilalar ishli bo‘ldi (+foto)

3

Chirchiq shahridagi harbiy qismlarning birida “Harbiy xizmatchilarning turmush o‘rtoqlari bandligini maʼminlash muhim vazifamiz” mavzusida mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Unda Mudofaa vazirligi hamda Toshkent harbiy okrugi xotin-qizlar va harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari bilan ishlash bo‘yicha mutaxassislari, Chirchiq harbiy prokuraturasi, Toshkent viloyatining “Tadbirkor ayol” uyushmasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi va turli hunarmandchilik va mutasaddi tashkilot vakillari ishtirok etishdi.


Ushbu mehnat yarmarkasi harbiy xizmatchilarning oila aʼzolarini tadbirkorlikka jalb qilish, ularga hunarmandchilik sirlarini o‘rgantish, bo‘sh ish o‘rinlarida faoliyat yuritishlarini taʼminlash bilan ham ahamiyatlidir.
So‘zga chiqqanlar ushbu yarmarkaning amaliy samaradorligi haqida to‘xtalar ekan, avvalo harbiy oilalarning ish bilan bandligini taʼminlash, ularning farzandlarini bilim olishga qiziqtirish, kitob bilan do‘st tutinishlariga ko‘maklashish muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidlab o‘tishdi.


Tadbir jarayonida ayniqsa “Tadbirkor ayol” va hunarmandlar uyushmasi tomonidan olib borilgan o‘quv mashg‘ulotlari bir qancha oilalarda tadbirkor bo‘lish istagini uyg‘otdi. Ayrim oilalar shu yerning o‘zida tashkilot vakillari bilan mehnat shartnomasini imzolab, ishli bo‘lishdi.


Shuningdek, arzonlashtirilgan oziq-ovqat va hunarmandchilik mahsulotlari, turli badiiy kitoblar va o‘quv qurollari tashrif buyurganlarga birdek manzur bo‘ldi.

Toshkent harbiy okrugi Matbuot xizmati