NEGA DO‘PPI KIYMAY QO‘YDIK?

3

Har bir millatning o‘zligini namoyon etadigan, boshqalardan ajratib turadigan turmush tarzi, urf-odat va anʼanalari, tarixan shakllangan qadriyatlari bor. Asrlar davomida ajdodlardan avlodlarga meros sifatida yetib kelgan urf-odatlarimiz, qadriyatlarimiz, anʼanalarimiz umrboqiylikka ega. Biroq bugungi kundagi odamlar ongida mavjud davr bilan hamnafas yashash, zamondan ortda qolmaslik tushunchasi baʼzi bir milliy urf-odatlarimizning, madaniyatimizning unutilishiga sabab bo‘lyapti, nazarimda. Hatto qadriyatlarimizga nisbatan “eskilik sarqiti”, “eski turmush tarzi” deya nopisandlik bilan munosabatda bo‘ladiganlar ham yo‘q emas . Istiqlol sharofati bilan milliy urf-odatlarimiz, anʼanalarimiz qayta tiklandi, o‘zlikni anglashga juda katta eʼtibor qaratilyapti. Shu nuqtai nazardan men hozirgi globallashuv jarayonida urfdan chiqayotgan baʼzi bir milliyligimiz ramzi bo‘lmish buyumga eʼtiboringizni qaratmoqchiman. Bugunga qadar ota-bobolarimiz boshini asragan, qolaversa, o‘zbek degan millatning ramzlaridan biri bo‘lgan milliy bosh kiyimimiz – do‘ppini nazarda tutyapman. Bugungi kunda negadir ana shu xalqning o‘zligini anglatib turuvchi do‘ppimiz yigitlarga erish tuyulmoqda. Aksariyat yoshlarimizda bu bosh kiyimni ko‘rmay o‘rganib ham qolishgan nazarimda. Albatta, biz demokratik, ozod va erkin jamiyatda yashayapmiz. Shunday ekan, har kimning tanlovi o‘z ixtiyorida. Ammo g‘arbona shlyapa, kepka (buretka, vandamka) kabi bosh kiyimlarni  kiygan yoshlarimiz nega do‘ppini unutayozdi? Ayniqsa, to‘y yoki boshqa marosimlarda zarurat yuzasidan do‘ppi kiygan yoshlarni ko‘rib, havasim keladi. Zero hozirgi kunga do‘ppimiz faqatgina taʼziya bo‘lgan xonadonlarda yoki janozaga borishda kiyilmoqda.

Marhum shoir Muhammad Yusuf ham kuyunchaklik bilan «Do‘ppi kiymay qo‘ydi odamlar» nomli sheʼrini yozganda shu mavzularni taʼkidlagan edi. Har kim o‘zi xohlagan, didiga mos kiyimni kiyishi mumkin. Biroq inson qalbida millatparvarlik, g‘urur, faxr tuyg‘ulari sabab g‘arbona kiyinish har doim ham maqbul ish emas, bizningcha.

Muhammad Xo‘janov