Tarixdagi birinchi urush yoxud jangda harbiy strategiya qo‘llagan birinchi sarkardani bilasizmi?

3

Olimlarning qayd etishicha, so‘nggi 5,5 ming yil mobaynida er yuzida jami 14,5 mingga yaqin katta va kichik urushlar, shu jumladan, ikkita jahon urushi bo‘lgan, ularda 3,6 milliarddan ortiq kishi halok bo‘lgan, epidemiyalar va ocharchilikdan o‘lgan.
Tadqiqotchilar, shuningdek, keyingi 3 asrda ming va undan ortiq odam halok bo‘lgan urushlarni hisoblab chiqib, quyidagi raqamlarni qayd etishgan: XVIII asrda 68 ta, XIX asrda 205 ta, XX asrda 237 ta urush bo‘lgan, ularda qurbon bo‘lganlar soni XVIII asrda 4,4, XIX asrda 8,3 va XX asrda 100 million kishidan ortgan.

IBTIDOIY ODAMLARNING IBTIDOIY JANGLARI

Yuqorida qayd etilgani kabi tahlillar mavjudligiga qaramay, insoniyat tarixidagi birinchi urush qachon sodir bo‘lgani hali-hanuz jumboqligicha qolmoqda. Biroq bu borada arxeologik tadqiqotlarga tayanib aytilgan bir qator farazlar mavjud.
Harbiy to‘qnashuvlarning tamaltoshi qadimgi tosh asri – paleolitdayoq qo‘yilgan. O‘sha kezlarda qo‘pol tosh qurol ko‘targan ibtidoiy odamlar o‘zi kabilar bilan oziq-ovqat, ayollar va er uchun qirpichoq bo‘lishgan. Ibtidoiy jamiyat rivojlanishi bilan harbiy to‘qnashuvlar uchun yangi-yangi sabab va bahonalar paydo bo‘lavergan. Shunday bo‘lsa-da, dunyodagi birinchi urush miloddan avvalgi IX–VI mingyilliklardan oldin sodir bo‘lmagani aniq.


Arxeologlarning taʼkidlashicha, yangi tosh asri – neolit davri odamlari yozuv kashf etilishi yoki metallga ishlov berish boshlashidan minglab yillar oldin uyushgan janglar olib borganlar. Bundan tashqari, soha olimlari tomonidan “bronza davri” deb ataladigan mingyilliklar yozma yodgorliklari deyarli boshdan oyoq urushlar va istilolarga bag‘ishlangan. Bu manbalarga qarab miloddan avvalgi 6000 yillarda sivilizatsiyaning asosiy markazlarida harbiy sanʼat yuksak darajada rivojlanganini taxmin qilish mumkin.

IBODATXONA DEVORIDAGI DALILLAR

Afrika shimoli-sharqida, Nil daryosining quyi oqimida joylashgan qadimgi davlat – Misrda miloddan avvalgi 3000 yilda yagona va birlashgan davlat vujudga keldi. Ilk podsholik davrida muntazam qo‘shin shakllandi. Uning asosini kamonchilar tashkil etardi. Miloddan avvalgi 2800–2250-yillarda davom etgan Qadimgi podsholik davrida Misrda 40 ta eshkakli kemadan iborat flot ham paydo bo‘ldi. Shunga qaramay, bu davrdagi misr qo‘shinlarining umumiy soni haqida biror aniq maʼlumot yo‘q.
Dunyoga mashhur piramidalardan birini bunyod ettirgan firʼavn Xeopsning otasi Snofru Efiopiyaga ulkan yurish tashkillaydi. Ovi baroridan kelgan firʼavn jangdan o‘lja sifatida 7 ming nafar nubiyalik va 200 ming qoramol bilan qaytadi. Liviyada esa 1100 asir olinganlar o‘ljaga aylanadi. Keyingi firʼavnlardan biri Tutmos I yana-da kengroq istilochilik urushlarini boshlab beradi. Biroq bu yurishlarning hech biri haqida o‘sha davr manbalarida batafsil bayon etilmagan.
Insoniyat tarixidagi to‘liq tafsiloti yozib qoldirilgan birinchi urush bundan qariyb uch yarim ming yil oldin – taxminan miloddan avvalgi 1469 yilda Megiddo shahri atrofida bo‘lib o‘tgan. Ushbu yurish tafsilotlari firʼavn Tutmos III ning saroy kotibi tuzgan solnoma orqali bizgacha etib kelgan. Solnomadan olingan parchalar Fivadagi Amon-Ra ibodatxonasi devorlarini bezab turgan. Shu orqali toshdevorga bitilgan bilimlar hozirgacha saqlanib qolgan.

FIRʼAVNNING ULKAN TUHFASI

Misrda buyuk istilochilik urushlarini boshlab bergan Tutmos III tarixdagi oldindan rejalashtirib, strategiya asosida ulkan hujumlar uyushtirgan birinchi sarkarda hisoblanadi. U o‘z mamlakatida ko‘p sonli va kuchli flot tuzishga muvaffaq bo‘ldi. Behisob boylik sohibi bo‘lgan Tutmos III Fiva shahridagi birgina ibodatxonaga ulkan oltin xazinadan tashqari yuz mingdan ortiq qulni ham tuhfa qildi.


Kichik Osiyo markazida, hozirgi Turkiya hududida asos solingan Mitanni miloddan avvalgi 1470-yildan keyin Misrga qarshi urushga kirdi. Misr firʼavni Mitannini Megiddo shahri devorlari yonida tor-mor qilishni reja qildi. Harbiy kengashning fikriga qaramay, u Megiddoga eltuvchi uch yo‘ldan eng qisqasi, biroq eng mashaqqatlisi – Karmel tog‘ tizmalari orqali o‘tadigan, jar yoqasidagi tor so‘qmoqdan yurishni maʼqul ko‘rdi.
Dastlab dushman o‘zini sust tutdi, Tutmos III esa sarkardalari maslahatiga quloq tutib, misr qo‘shinlari bu yerda to‘liq to‘planmagunga qadar jangga kirmaslikni buyurdi. Misrliklarning tog‘ tizmasini oshib o‘tishi dushman va uning ittifoqchilari uchun kutilmagan hol edi. Shuning uchun ham misr qo‘shinini alohida-alohida yanchib tashlash imkoni qo‘ldan boy berildi. Misr qo‘shini 30 ming (ayrim manbalarda 10 ming)ni tashkil etar, Tutmos III ning g‘alabaga qozonishga ishonchi komil edi.

OLTIN ARAVADAGI G‘ALABA

Miloddan avvalgi 1469 yilning 15-mayi tongida firʼavn o‘z armiyasini jang uchun hozirladi. Dushman o‘z kuchlarini shaharning janubi-g‘arbiga, Megiddo shahri ostonasi tomon burdi. Biroq ular qo‘shinining aniq miqdori nomaʼlum.


Firʼavn Tutmos III ikki g‘ildirakli harbiy oltin arava minib markazda turdi va dushman tomon birinchi bo‘lib tashlandi. Jang natijasida isyonchi dushmanlarning yon tomoni o‘rab olindi hamda jang misrliklarning qaqshatqich g‘alabasi bilan yakunlandi. Navbat Megiddo shahrini egallashga etdi. Faqat etti oylik qamaldan so‘nggina shahar taslim bo‘ldi.
Shunday qilib, Tutmos III har yili yozda, qo‘shnilarining hosili etilgan paytda Old Osiyo tomon harbiy yurishlar uyushtirar va yangi-yangi hududlarni bosib olardi. Allaqachon bo‘ysundirilgan mamlakatlar yillik o‘lpon sifatida, endi bo‘lsundirilganlaridan esa harbiy o‘lja sifatida ulkan boyliklar Misrga oqib kelardi. Firʼavn qo‘shinni ham, ibodatxonalarni ham boyliklar bilan siylab turishni kanda qilmasdi.

Alisher EGAMBERDIYEV, O‘zA