Mingta jangda zafar quchgan sarkarda

2

Dunyo tarixchilari gap qadimgi davr haqida ketganda yengilmas sarkardasi sifatida Aleksandr Makedonskiyni, o‘rta asrning yengilmas sarkardasi sifatida esa Amir Temurni tan olishadi. Bu bejizga emas. Haqiqatdan ham, bu shaxs jahonning eng buyuk sarkardalaridan biri edi. Sohibqiron bobomiz o‘zining yuksak aql-zakovat, kuch-g‘ayrat, qobiliyat va sabr-toqat kabi fazilatlariga tayanib o‘z oldiga qo‘ygan har qanday maqsad va vazifalarni amalga oshira bilgan. Jahon tarixida munosib o‘rin olgan Amir Temurni nafaqat Sharqda balki G‘arbda ham tan olishgan va hurmat bilan qarashgan. Hatto, Yevropaning manaman degan qirollari ham u bilan diplomatik aloqalarni o‘rnatishni o‘zlariga katta sharaf deb bilgan.
Uning harbiy mahorati va yurishlari to‘g‘risida Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”, Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” va “Temur tuzuklari”da jang joylarini tanlash san’ati, jang qilish usullari va askarlarni saflash qoidalari keng yoritilgan. Ayniqsa, Sharafuddin Ali Yazdiy o‘z asarida sohibqironning shaxsiy fazilatlari, dovyurakligi hamda bahodirligini haqqoniy va mahorat bilan tasvirlagan.


Amir Temur o‘z davrida kuchli va yengilmas qo‘shin tuzib, janglarda mag‘lubiyat nimaligini bilmadi, qayerga yurish qilmasin, faqat zafar qozondi. Xush, sohibqiron dunyo ahlini hayratga solgan bunday yutuqlarga qanday erishdi? Avvalo, undagi yuksak harbiy iste’dod, sarkardalik salohiyati, qo‘shinni mohirona boshqarish, puxta o‘ylangan jang sa’nati muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Amir Temur Sharqda birinchilardan bo‘lib o‘z armiyasiga o‘t ochar qurol, ya’ni to‘p-ra’dni joriy etib, tog‘li hududlarda jang olib boruvchi piyodalardan tashkil topgan maxsus harbiy qismlarni tashkil etib, butun jahon ahlini hayratga solgan zafarli g‘alabalarga, zamonaviy qurol-yarog‘lar bilan ta’minlangan, o‘sha davrning ilg‘or jang olib borish amaliyotlarini mukammal egallagan o‘ta intizomli armiyani tuzishi bilan erishdi.
Sohibqiron uzoq va mashaqqatli yurishlarda barcha yuzaga kelgan masalaning eng to‘g‘ri va dono yechimini topib, har qanday og‘ir sharoitda ham lashkarini ustalik bilan olib chiqib ketar va eng muhimi o‘z askarlarining hayotini saqlab qolardi. Masalan, Amir Temur 1391 yili To‘xtamishga qarshi qilgan yurishida 200 ming kishilik lashkar oziq-ovqat tanqisligiga uchraydi. Bir askarga kuniga faqat bir tovoq atala berilardi, xolos. Boshqa yeguliklar yo‘q edi. Shunda, Amir Temur oziq-ovqat muammosi masalasini yechadi. U butun askarlari bilan cho‘lni xalqa qilib o‘rashni buyuradi. Avvaliga diametri bir necha o‘n kilometrni tashkil etgan xalqa hosil qilinib, asta-sekin uning torayib borishi natijasida xalqa ichida qolgan tirik jonivorlar shu qadar ko‘p bo‘lganki, Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, askarlar ularni saralab, faqat semizlarini qoldirib, qolganlarini qo‘yib yuborganlar va bu ovdan bir necha oylik ovqat jamg‘arilgan.


Amir Temur jangovar faoliyatida aqlbovar qilmas jasoratli sahifalar juda ko‘p. Masalan, 1366-yili Qarshida Amir Temur bor yo‘g‘i 243 kishi bilan 12 ming kishilik dushmanga qarshi jang qilgan va Tangrining inoyati-yu sarkardalik salohiyati bilan zafar qozonadi. 1368-yilda Badaxshonda qo‘li baland kelgan dushman Sohibqiron askarlarining ko‘pini qirib tashladi va 130 kishini asir oldi. Yonida bor-yo‘g‘i 13 nafar navkar bilan qolgan Amir Temur Dobon tog‘i tepasiga chiqib, dushman yo‘lini mardlarcha to‘sadi. Beqiyos mahorat va jasoratlar evaziga o‘z askarlarini dushmandan qutqarib qoladi. Amir Temur olib borgan janglarini tez hal etishga odatlangan edi. Yozma manbalarning guvohligicha, ba’zida bir kunning ichida ikki-uchta qal’ani ishg‘ol qilganligi ma’lum.


Sohibqironning yana taktikalaridan biri – raqibini dahshat solish bo‘lgan. Masalan, Yildirim Boyazid Amir Temur talablarini pisand qilmagani uchun uning tasarrufidagi Sivos, Tartum, Kemox kabi juda mustahkam qal’alarni tezlik bilan qo‘lga kiritib, o‘zini esa asirga olib, tavbasiga tayantirib keyin ozod qilgan. Amir Temur Hindistonga yurish qilib, Dehlini olgandan so‘ng Ganga daryosida gabrlar bilan jang qiladi. Gabrlar tez oquvchi Ganga daryosida 48 ta kemada kelishayotganda Sohibqiron ularga qarshi eng sara otliq jangchilarni jangga tashlaydi. Ular suvda otlarida turib kemaga kamonlardan otish bilan birga, kemalarga tirmashib chiqib ularni birin-ketin zabt eta boshlaydilar. Jangning bunday bo‘lishini kutmagan gabrlar yengiladilar. Tezoqar daryoda kemalarga qarshi otliqlar bilan jang qilib, dushman tor-mor etilgan ushbu jang jahon harbiy san’ati tarixida yuz bergan birdan-bir voqeadir.
Bugungi kundagi yuksak texnologiyalar va kompyuter grafikasi imkoniyatlaridan foydalangan holda, Amir Temurning birgina Hindistonga yurishi yoki Anqara yonidagi janglari mahoratli rejissyor va aktyorlar yordamida ekranga chiqarilsa, bu albatta, dunyo ahlining hayrat va olqishiga sazovor bo‘lardi.


Jang oldidan Amir Temur ko‘pincha raqibini qo‘rqitish usullarini ham qo‘llagan. Masalan, raqibiga qarshi oz sonli otliq bo‘linmalarini yuborib, go‘yo o‘zini ko‘p sonli askar bilan hujumga o‘tgandek qilib ko‘rsatish uchun otlarning ikki yoniga xashaklar bog‘latgan. Natijada otlar chopgan vaqtda undagi xashaklar yerda sudralib, atrofni shunday changitganki, uni ko‘rganlar go‘yo juda katta qo‘shin kelayapti, deb o‘ylab, vahimaga tushgan va jang maydonidan chekingan yoki taslim bo‘lgan. Shuningdek, qal’alarni olishda ham o‘ziga xos taktik usullarni qo‘llagan, ya’ni, ularning atroflari oz sonli jangchilari tomonidan o‘rab olinishdan tashqari, raqibiga sezdirmay kechasi askarlaridan ikki-uch hissa ko‘p gulxanlar yoqtirgan. Bu holatni ko‘rgan qal’a himoyachilari bizni juda ko‘p askar o‘rab olibdi, deya taslim bo‘lishgan. Ayrim manbalarga ko‘ra, sohibqiron Amir Temur umri davomida taxminan mingta jang o‘tkazgan va hammasida g‘alaba qozongan. Dunyo tarixida bunday yengimas sarkarda boshqa uchramaydi.
Darhaqiqat, ko‘hna tarix sahifalarida Amir Temurdek shon-shavkatli sarkardalar  sanoqlidir. Qariyb yetti asrdirki, sohibqironning shon-u shuhrati, hayoti va faoliyati ahli jahonni ohangrabo singari o‘ziga tortib kelmoqda.

Xolmamat RAUPOV,
tarix fanlari nomzodi