Toshkent harbiy okrugi razvedkachilari o‘rtasida murakkab majmuaviy to‘siqlardan o‘tish bo‘yicha sinov imtixonlari bo‘lib o‘tdi (+foto)

3

Toshkent harbiy okrugiga qarashli Chirchiq dala o‘quv maydonida razvedka bo‘linmalari orasida sinov imtixoni orqali shaxsiy tarkibni saralash tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad bo‘linmalarning jangovar shayligini oshirish, harbiy xizmatchilar o‘rtasida o‘zaro jipslik, sog‘lom raqobatni shakllantirish, zamonaviy harbiy harakatlar taktikasini rivojlantirishdan iborat.
“Start” komandasi berilgandan so‘ng harbiy xizmatchi 1 km masofaga o‘ziga biriktirilgan qurol-aslaha, kaska va gaz niqoblari bilan birgalikda belgilangan yo‘nalish bo‘yicha harakatlanishdi.
So‘ngra uzunligi 50 metrli “Simli to‘siq yo‘lagi”dan yer bag‘irlab tirsak bilan sudralib o‘tishi. Bunda yo‘riqchi tomonidan o‘qotar qurollardan tinimsiz o‘q uzilib, unga psixologik zarbalar berib borildi.


Keyingi to‘siqda harbiy xizmatchi “Balandlik va botqoqlikdan o‘tish to‘sig‘i”ga yugurgan holda chiqib, pastdan, yaʼni  botqoqdan kechib o‘tadi.
Navbatdagi to‘siq “To‘rli devor” deb nomlanib, bunda ishtirokchilar to‘siq ustidan qo‘l va oyoq kuchiga tayangan holda osilib tushadi va belgilangan tartib asosida harakatlanadi.
Uzunligi 10 metr va eni 1 metrni tashkil qiluvchi keyingi to‘siqda harbiy xizmatchilar qiya o‘rnatilgan taxtalardan oshib o‘tishlari kerak. Har bir taxtaga oyoq tegishi shart bo‘lib, bu hakamlarning baholashiga taʼsir ko‘rsatadi.


Barcha shartlar bo‘yicha belgilangan umumiy baholash mezoniga ko‘ra yo‘l qo‘yilgan xatolar uchun ishtirokchilar 1 ball miqdoridagi ochko yo‘qotadi.
Shu tartibda harbiy xizmatchilar “Aylanuvchi shinali to‘siq”, “Qo‘l jangi”, “Kanalizatsiya to‘sig‘i”, “Alpinist to‘sig‘i”, “Dinamik devor”,  “Olovli yarim xalqa”, “Buzilgan yo‘lak”, “Ruhiy tekshiruv to‘sig‘i”, “Quvirli ko‘prikdan o‘tish”, “Qo‘l mushaklari uchun kuch mashqlari” kabi o‘nlab to‘siqlardan matonat bilan o‘tishdi.


Ayniqsa, “Qurshovdan chiqish”, “Pichoq uloqtirish”, “100 metrga balonlarni tortib yugurish” kabi to‘siqlar har bir ishtirokchi matonatining o‘ziga xos sinovi bo‘ldi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Bu kabi majmuaviy taktik mashqlar mohiyatida axloqiy iroda sifati, jismonan hozirlik, dushman usutun bo‘lgan sharoitlarda yashirin harakatlana olish, ularning taʼqibidan qutilish, turli nishonlarga aniq va tezkor zarbalar berish ko‘nikmasini oshirish kabi maqsadlar yotadi.

Toshkent harbiy okrugi Matbuot xizmati