O‘zlikka qaytish yoxud traktor bilan chizib bo‘lmaydigan surat

3

2020-yilning yanvar oyida internetda g‘aroyib bir xabar tarqaldi: italiyalik fermer Dario Gambarin o‘zining haydov traktori bilan ekin dalasida “KORONAVIRUS” degan surat ishlagan. U bundan ikki yil oldin xuddi shu usulda Rossiya Prezidenti Vladimir Putining suratini chizgan ekan. Yangi asarga kimdir eʼtibor berdi, kimdir ajablandi va yana kimdir “Bu ham bir tentaklikdir-da”, deya qo‘l siltab qo‘ya qoldi. Matbuot boshqa muhim mavzularga o‘tib ketdi. Traktor g‘ildiraklari bilan ishlangan noyob surat deyarli yoddan ko‘tarilay deb turganida insoniyat boshiga og‘ir falokat keldi.
Bugun Nyu-York, London, Rim va Parijdagi mashhur muzeylarda saqlanayotgan bahosi necha yuz million dollarlik asarlar oradan bir necha yuz yil o‘tibgina mashhurlik shohsupasiga ko‘tarilgan. Dario Gambarinning “qo‘lbola” asari bo‘lsa, oradan ikki oy o‘tib-o‘tmas mashhurlikda tasviriy sanʼat sohasining “Mona Liza”, “Qora kvadrat”, “Veneraning tug‘ilishi”, “Pompeyaning so‘nggi kuni”, “Uch bahodir”ni ham ortda qoldirib ketdi. Bunday bo‘lishi hech kimning hayoliga ham kelmagan edi.
Oddiy traktorda ushbu asar “haydalayotganida” Xitoyda koronavirus kasalligi tarqalayotgani haqidagi dastlabki xabarlar axborot vositalarini deyarli egallab bo‘lgan edi. Savol tug‘iladi: Gambarinning bu asari shunchaki muxlislar eʼtiborini tortish uchunmidi yoki dunyoga balo-qazoday yopirilib kelayotgan, bu yorug‘ olamning mavjudligiga raxna solishga qodir ofatga beeʼtibor bo‘lmaslikka daʼvatmidi?
Bu to‘g‘rida bahslashishga hojat qolmadi. Bo‘lar ish bo‘lib bo‘ldi: koronavirus mislsiz shiddat bilan dunyoni egalladi. Hamma niqobda: yuzda niqob, qo‘lda niqob. “Uyda qoling” degan shior “Yashashni istaysizmi?” deganday eshitiladi. Bugungi texnik imkoniyatlar bilan idora ishlarini bemalol uyda bajarish mumkin. Ko‘chalar bo‘m-bo‘sh, ishxonalar berk. Yo‘llar tin olgan. Har birimizning oramiz ikki metrdan kam bo‘lmasligi kerak. Keksalar, bolalar va ayniqsa, immuniteti sustlashgan bemorlarni ehtiyot qilish zarur. Davlat va hukumat rahbarlari darajasida muhim qarorlar qabul qilinmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu choralarni millatni, uning buguni va ertasini asrab qolish darajasidagi kurashga qiyosladi. Xorijda turli sabablarga ko‘ra qolib ketgan yurtdoshlarimizni mamlakatga qaytarish borasida O‘zbekiston jiddiy namuna ko‘rsatdi.BMT Bosh kotibi Antonio Guterresh “Euronews” muxbiri Izabella Kumarning og‘riqli tagdor savollariga javob qaytarar ekan, bunday falokatli hol 2008 yilgi moliyaviy inqirozdan ancha xavfli ekanini tan oldi. Bosh kotibning fikricha, qatʼiy choralar ko‘rilmasa, taqiq va cheklovlar joriy etilmasa, iqtisodiy oqibatlarini hatto tasavvur qilish qiyin bo‘lgan yangi retsessiya yuz berishi mumkin. Shuning uchun ham bugun BMT shafeligida aniq maqsadli umumharakat dasturlarini ishlab chiqish lozimligi aytilmoqda. Kim aybdor, kim sustkashlik qildi, kim xatoga yo‘l qo‘ydi, deya bahslashib o‘tirishning vaqti emas, deb taʼkidladi u.
Bosh kotib ahvolni o‘nglash, qochoqlarga yordam ko‘rsatish, och-nahorlarni qo‘llab-quvvatlash, qonli mojarolarni to‘xtatish kabi maqsadlarga kamida 2-2,5 milliard dollar mablag‘ zarurligini aytdi. Bugun dunyoning yetakchi mamlakatlari harbiy maqsadlarga har yili 2 trillion dollar sarflamoqda. Bunday xavfli poygani jilovlash vaqti keldi. 2 trillion oldida ikki yarim milliard pul nima bo‘libdi? BMTdek nufuzli hamjamiyat uchun ham murakkab sinov davri keldi.
Insoniyat tarixida turfa xil ofatlar ko‘p bo‘lgan. Surunkasiga yetti yil qurg‘oqchilik hukm surganida ham odamlar aql-idrok, fahm-farosat, birlik, yakdillik bilan o‘zini va bolalarini omon saqlab qolgan. Bugun dunyo ravshan bildiki, ko‘pchilik mamlakatlar virusli hujumlarga tayyor emas ekan. Bunday hujumlar boshqa takrorlanmaydi, deya kim ayta oladi?
Siyosatshunos olimlarning eʼtiroflariga ko‘ra, dunyoda hozir vaqti-vaqti bilan goh u qitʼada, goh bu qitʼada xuruj qilib turadigan 160 dan ortiq virus mavjud (Bu ro‘yxatga o‘quvchi va talabalar o‘ylab topgan kompyuter viruslari kirmaydi). Ebola virusi, tumov virusi, Seul virusi, Onkoviruslar, Xantaviruslar, Andes virusi, Papilloma virusi, G‘arbiy Nil isitma virusi, Epshteyn-Bar virusi… Ularni shunchaki eslashning o‘zi vujudingizni titroqqa soladi. Birgina Vyetnam urushida mahalliy aholi istiqomat qiladigan yerlarga 400 kilogrammdan ortiq dioksin sepilgan. 14 million tonnadan ortiq portlovchi moddalar ishlatilgan. Bu qurollar boshqa planetadan olib kelingan emas. Xo‘sh, ular, harbiy maqsadlarda ishlatiladigan boshqa gazlar qanday paydo bo‘lgan, kim tomonidan ixtiro qilingan?
Bu savollarga javob berish qiyin emas: sunʼiy yo‘l bilan, aniq maqsad yo‘lida inson, inson bo‘lganda ham, bu aqlli jonzotning eng isteʼdodlilari tomonidan uzoq yillik ilmiy izlanishlar natijasida ixtiro qilingan.Bugun koronavirus hamlasidan boshqalarga nisbatan ko‘proq va ayanchliroq zarar ko‘rayotgan dunyoning yetakchi mamlakatlarida ko‘pdan-ko‘p oshkora-pinhona laboratoriyalar bo‘lib, ular asosan tegishli tashkilotlarning maxsus buyurtmasi asosida “mahsulot” yetishtiradilar.
Janubiy Amerikada bundan besh-o‘n yil avval ishtahasi hakalak otgan baʼzi olimlar hozirgiga nisbatan yiliga kamida uch-to‘rt marta ko‘p bol yig‘adigan asalarilarni sunʼiy yo‘l bilan yetishtirishga kirishadilar va bunga muvafaq ham bo‘ladi. Ammo quvonchlari uzoqqa cho‘zilmaydi. Sunʼiy yetishtirilgan asalarilar gulchang yig‘ish o‘rniga g‘uj-g‘uj bo‘lib odamlarga hujum qiladi, nishlari zahridan ko‘plar vafot etadi. Ularni yo‘q qilishga juda katta mablag‘ sarflanadi.
O‘ylab ko‘raylik. Bugun dunyo mamlakatlarining harbiy-sanoat komplekslarida xizmat qilayotgan qurolsozlar, virusolog olimlar, bomba va snaryadlarning yangi modifikatsiyalarini ixtiro qilayotgan, moviy fazoni dahshatli lazer nurlari bilan to‘ldirayotgan mutaxassislar yer, suv va havoni toza saqlash, o‘rmonlarni asrash, odamlarning umrini uzaytirish, bolalar immunitetini kuchaytirish, issiq-sovuqqa chidamlilikni oshirish, qishloq xo‘jaligida hosildorlikni ko‘tarish bilan shug‘ullanganlarida hayotimiz bugun qanday bo‘lar edi?
Taassufki, inson bugun ilmiy tafakkur bilan birga sunʼiylashish, o‘z mohiyatidan uzoqlashish, oyog‘i tiralib turgan zamin taqdiriga bepisandlik, uni ifloslantirish yo‘lidan ham bormoqda. Yer tinimsiz burg‘ulanmoqda. Burg‘ulash mashinalari Atlantika muz okeanigacha yetib bordi. Olimlar yirik sanoat majmualarida ish haqi talab qilmay ishlaydigan robotlar yaratish ustidagina emas, uyda kir yuvadigan, bolalarga enagalik qiladigan, taom tayyorlaydigan, musiqa chalib beradigan, muqom qilib raqsga tushadigan, qiroat bilan kitob o‘qiydigan, qo‘shiq kuylaydigan, alla aytadigan, yig‘loqilarni ovutadigan sunʼiy yordamchilarni tayyorlash ustida ham bosh qotirmoqdalar. Demakki, robotlarning yangi-yangi vazifalari paydo bo‘ladi, oralaridan zukko ishbilarmonlar, yozuvchi, rassom, har yerda hoziru nozir muxbir, kompyuterda har qanday musiqani bir zumda tayyor qiladigan bastakor yetishib chiqishi ham mumkin. Bu xususda matbuotda dastlabki xabarlar paydo bo‘lganiga ancha bo‘ldi.
Bular maʼlum faktlarga asoslangan xabarlar edi. Faqat shu emas, olimlar sabzavot va mevalarning genetikasini o‘zgartirishmoqda. Yopiq ilmiy (harbiy) laboratoriyalarda sunʼiy zurriyotlar yetishtirish ustidagi ishlar jadallashmoqda.“Sizu biz bugun sunʼiy yetishtirilgan zombilar, kamikadzelar bilan birga yashamoqdamiz, birga nafas olmoqdamiz”, deyayotganlar haq bo‘lishi mumkin. Buyurtma asosida iks zurriyotlarni (Kassandra tamg‘asini) yetishtirgan olim Filofey kosmik raketa illyuminatorini ochib, samo bo‘shlig‘iga sakrashi bilan o‘z hayotiga nuqta qo‘ydi. Biz qayoqqa sakraymiz? Bunday falokatlardan omon saqlaydigan joy bormi o‘zi bu yorug‘ olamda?
Bir nima deyish qiyin. Biroq odam odam maqomida qoladimi-yo‘qmi, degan maʼnaviy savol savolligicha turibdi. Nahotki o‘z uyimizda, ona-beshigimizda ortiqcha bo‘lib qolsak? Ulug‘ adib Chingiz Aytmatov umrining so‘nggi yillarida “Bugungi eng muhim vazifa – Insonni inson maqomida saqlab qolish”, degan gapni bejiz aytgan emas. Biz bugun kimmiz – hoyu havas, to‘qlikka sho‘xlik qilib, o‘zi tug‘ilgan beshikni buzayotgan, kindik qoni to‘kilgan tuproqni zaharga to‘yintirayotgan, havo va suvni bulg‘ayotgan, ota-bobosi ekkan chinorni qo‘porayotgan, o‘zi o‘tirgan shoxni arralayotgan (Erkin Vohidov) aqli noqisga aylanib qolayotganimiz yo‘qmi? Mantiqsiz xatti-harakatlarimizga ko‘zimiz ochiqligida o‘zimiz baho berishga ulguramizmi yoki bu ishni kelajak nasllarga qoldiramizmi? Kimni va nimani kutib turibmiz? Ko‘z o‘ngimizda kechayotgan g‘ayriinsoniy, g‘ayriaxloqiy voqea-hodisalarga, million yillik muzlar erib, suv sathi ko‘tarilayotganiga nega befarqmiz? G‘arb mamlakatlarida yaratilayotgan ko‘plabfilmlarda sunʼiy robotlar, “Eshak semirsa, egasini tepadi” deganlaridek, o‘z yaratuvchilariga qarshi bosh ko‘tarib, yer yuzida tiriklik chirog‘ini so‘ndirishga bel bog‘lagani va bunga erishish ostonasiga yaqinlashib borayotgani haqida hikoya qilinadi. Ushbu satrlar qog‘ozga ko‘chayotganida internetda yangi xabar paydo bo‘ldi: mashhur rejissyorlardan biri “Bizdan keyingi sivilizatsiya” nomli film ustida ish boshlagan emish. Bu shunchaki xayolotmi yo ogohlik qo‘ng‘irog‘imi?
Rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, bugun yer yuzida mavjud yadro qurollari ona sayyorani kamida yuz marta butunlay yo‘q qilib, kukun sifatida fazoga sochib yuborishga yetib ortadi. Shu holatda ham bu ajal urug‘ini yana-da ko‘paytirish, takomillashtirish rejalari mavjudligini qanday baholash mumkin? Vodorod bombasini ixtiro qilgan akademik Saxarov keyinchalik bu ishidan pushaymon bo‘ldi. Ammo u birgina tazarru bilan ko‘zadan chiqib ketgan shaytonni avvalgi joyiga qaytarish mumkin emasligini yaxshi bilardi.
Mahatma Gandi “Inson – tafakkur hosilasi, u nimani ixtiyor qilsa, shunga erishishi mumkin”, degan ekan. Yigirma birinchi asr tafakkurining o‘zak maqsadi nima? Ilm yana qanday ixtirolarga qodir? Besh, o‘n, yigirma yoki ellik yildan keyingi ixtirolar kimga va nimaga xizmat qiladi?
Uyda o‘tirgan kishining xayoliga nimalar kelmaydi, deysiz. Kimdir kitob mutolaa qiladi, ro‘zg‘or ishlariga qarashadi. Kimdir yonboshlab uzzu-kun televizor ko‘radi. Xorijiy seriallar oilaviy munosabatlarning eng nozik jihatlarini namoyish etish bilan band: er xotinni aldaydi, xotin erni chalg‘itadi, ikkalasi ham pok emas, qaysi birining boshqa bir ayoldan bolasi bor, qaysi birining ikki-uch maʼshuqasi. Ota bolasini, qiz onasini, nabira bobosini tanimaydi. Erkinlik ustiga erkinlik. Ajrashadi, yarashadi, yana ajrashadi. Oila – o‘yinchoqdek gap. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan nayranglar, fisq-fasodlarni ayting. “Master-klass”ning naqd o‘zi.Bu ham o‘ziga xos pandemiya emasmi?!
Koronavirus tufayli yer yuzi aholisining teng yarmi – uch yarim milliard kishi bir muddat uyida jon saqladi. Ammo bu, boshini qumga tiqib turgan tuyaqush xavf-xatardan butunlay qutilmaganidek, pandemiya bilan bog‘liq dahshatli muammoning yechimi emas. Binobarin, odam bolasi xonanishin bo‘lib, uyida muqim qolib ketmaydi: ko‘chaga chiqishi, dalasiga suv ochishi, bog‘iga qarashi, mehnat jamoasiga qaytishi, mahsulot ishlab chiqarishi, ochiq havoda bolalari bilan sayr qilishi, ularni bag‘riga bosishi zarur. Bugunning odami bundan boshqacha turmush tarzini qabul qila olmaydi. Shunday ekan, yechimni qayerdan izlagan maʼqul?
Olimlar oddiy asalari hayotini uzoq yillardan buyon o‘rganib keladi. Asalari oilasidagi tarbiya, yuksak intizom, adolatli mehnat taqsimoti, bir-birlariga axborot yetkazish, dushmanga qarshi birgalikda “jang” qilish, ishyoqmaslik, dangasalik, firibgarlik (inga bemaza gulchang olib kelish) uchun jazo choralari, inni toza saqlash, uy ichiga begonalarni kiritmaslik, bola tarbiyasi bilan shug‘ullanish kabi qatʼiy tartib-qoidalar hammani hayratga soladi. Asalari qish mavsumida uch-to‘rt oy inidan tashqariga uchib chiqmaydi, ammo axlatini yashayotgan uyi ichiga tashlamay qorniga yig‘adi. Qish cho‘zilib ketsa, qorni shishib halok bo‘ladi.
Pandemiya holatlari (parranda grippi, cho‘chqa grippi) avvallari ham ko‘p bo‘lgan. Boshqa takrorlanmasligiga kafolat yo‘q. Demak, bu ofatlardan saqlanish uchun, hech bo‘lmasa asalarilardan ibrat olmog‘imiz lozim emasmi?! Inson faoliyati bilan bog‘liq chiqindilar nainki yer yuzini, okean tublarini ham to‘ldirib yubordi.
Aziziddin Nasafiyning komil inson haqidagi kitobida g‘oyat muhim xulosa-ko‘rsatma bor: “Biz (bu) olamda musofirmiz. Olamning ahvoli ham musofirdir. Davlat (boylik) ham, zahmat ham, omad ham o‘tkinchi. Olamning ahvoli bir holatda (uzoq) qolmaydi. U hamisha aylanishdadir, har zamonda boshqa suratga kiradi. Bu holat o‘z mohiyatiga ko‘ra daryoning to‘lqinidir yoki shunga o‘xshash. Oqil kishi hech qachon to‘lqin ustiga imorat qurmaydi”. Ulug‘ alloma “Uy-joy qurma, chayla-paylada ham yashasa bo‘laveradi” demoqchi emas, “Bu o‘tkinchi dunyoga ortiqcha havas qo‘yma, boylik yig‘ishga, hoyu havasga berilma, manmanlik tulporiga minma, qo‘ling boshqalarnikidan uzunligini ko‘z-ko‘z qilma” demoqchi. Insoniyatni balo-qazolarga giriftor qilayotgan, Yeru osmonni titratayotgan, iymonimizni susaytirayotgan shu illatlar emasmi?!
Robiya Balxiy qissasida o‘qiymiz: “Zarb tegmasa sas qayerdan chiqadi? Axir, daf (nog‘ora) ham zarb yeganidan keyin un chiqaradi-ku”. Koronavirus pandemiyasi Dunyoga qaqshatgich zarba berdi. Insoniyat kutilmaganda o‘zining hayoti-mamoti bilan chambarchas bog‘liq buyuk Imtihonga duch keldi. Turmush tarzi, kundalik odatlar, yozilgan va yozilmagan qoidalar o‘zgarib ketdi, qarindosh-urug‘chilik, qo‘ni-qo‘shnichilik, do‘st-qadrdonlik munosabatlari boshqacha tus oldi. Dunyo boylari bir hafta ichida yarim trillion dollar mablag‘ yo‘qotishdi. Necha million kishi ish joyini yo‘qotdi. Qancha ming kishi vafot etdi. Boyu kambag‘al, mulkdoru tadbirkor, qarzdoru haqdor xavotirda. Jahon hamjamiyatida Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yirik dunyoviy inqiroz yuzaga keldi. Braziliyadagi yirik “Marakana” stadioni, Nyu-York markazidagi mashhur park kasalxonaga, “Santyago Beranabeu” tibbiy dori-darmonlar omborxonasiga aylandi. Tobut ishlab chiqaruvchi fabrikalar dam olish kunlarisiz ikki smenada ishladi, ishlab chiqarish hajmi 10 barobarga ortdi. Xorijlik hamkasblarimizdan biri Italiyada koronavirus tufayli vafot etganlarni ko‘mish jiddiy muammoga aylangani haqida yozar ekan, bu holatni Leningrad qamalining qish-qirovli kunlariga qiyosladi.
Faqat shu emas, ofat bois ko‘plarning boshiga tashvish tushdi, imoni sust, ko‘zi och kishilar tuyqus yuzaga kelgan vaziyatdan “unumli” foydalanib, bir nimalik bo‘lib qolish harakatiga tushdilar. Vahimali uydirmalar urchidi. Bozor va magazinlarda kartoshka mojarosi yuzaga keldi. Yo‘lovchi tashuvchi xususiy tadbirkorlar orasida “Taka bo‘lsin – sut bersin” qabilida ish tutuvchi, mo‘may daromaddan boshqa hech narsani tan olmaydiganlar oz emas ekan. Yuzga tutiladigan niqob bepul berilayotganida yoki qaysidir tadbirkor muhtojlarga bepul oziq-ovqat tarqata boshlaganida odamlar ayrim joylarda olomonga aylandi. Qozoni bir kunda bir marta qaynaydiganlar sabrda, erta-kech tinimsiz qaynaydiganlar vahima ko‘tarib, duch kelgan tarafga zir yugurib, omborlarini to‘latib olishdi.
Yaponiyada sodir bo‘lgan Fukusima fojiasi payti uy-joyidan, mol-mulkdan ajragan necha minglab odamlar, asosan qari-qartanglar, dunyoga yaponlarga xos buyuk bir ibratni namoyon etdilar. Ular hukumat tomonidan bepul tarqatilayotgan oziq-ovqat paketlari ustiga okean to‘lqiniday yopirilib beshtadan-o‘ntadan olishmadi, bir-birlariga yo‘l, navbat berib, ertangi kunga umid bilan qarab faqat bittadan paket olishdi. Qanchadan-qancha uy-joylar qarovchisiz qolib ketganiga qaramay, birorta ham o‘g‘irlik, talonchilik sodir bo‘lmadi.
Aytish zarurki, poytaxtdan viloyatlarga yo‘lovchi tashiydigan ayrim haydovchilarning diyonatsizligi bizda birinchi marta sodir bo‘layotgani yo‘q. Uzoq yillardan buyon qutlug‘ bayramlarimiz, muborak Hayitlarimiz, Yangi yil arafasida, taassufki, shunday bo‘ladi. AQSH, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Ispaniya, Belgiya kabi mamlakatlarda musulmonlarning bayramlari kuni oziq-ovqat mahsulotlari Islom diniga hurmat maʼnosida bir muncha arzonlashadi. Bizda esa…
Diniy mavzudagi maʼruzalarda bunga eʼtibor berilsa maqsadga muvofiq edi.
Aql-idrok, yaxshi niyat, sabr-qanoat bo‘lsa, hayotning o‘zi hamma narsani joy joyiga qo‘yadi, turmush yana o‘z o‘zaniga tushadi. Davlatimiz rahbarining qatʼiyati, vaqtida ko‘rilgan, pishiq-puxta o‘ylangan chora-tadbirlar, fidoyi shifokorlarning jasoratli mehnatlari samarasini beradi, albatta. Bunga ishonchimiz komil. Hammamiz ijtimoiy faollikka, ijodiy faoliyatga, ilm-maʼrifatga, taʼlim-tarbiyaga, qadrdon jamoalarimizga qaytamiz. Yo‘llar ochiladi, to‘siqlar olinadi, niqoblardan xalos bo‘lgan chehralarda yana hayot zavqi, yaratish, bunyodkorlik shukuhi, ishonch, muhabbat, kulgi-tabassum jilolanadi, shaharu qishloqlar asalari uyasidek guvillay boshlaydi. Dunyo yana bola tabassumiga to‘ladi. Lekin…
Bu qanday qaytish bo‘ladi? Og‘ir sinovgacha qanday yashagan, kimlardir o‘ylab topgan soxta, mantiqsiz, boshdan-oyoq isrofli, islomiy odob-axloqqa zid qadriyatlar, kimoshdi “poyga”lariga amal qilgan bo‘lsak, yangi holatga ularni o‘zimiz bilan birga olib o‘tamizmi yoki vijdonu iymonimizni, aql-farosatimizni, fuqarolik burchimizni ozroq taftish qilib, bugun qanday dunyoda, qanday jamiyatda yashayotganimizni his etib, “ota-bobolardan qolgan urf-odat” niqobi ostida ong-shuurimizga, turmush tarzimizga chirmovuqday o‘ralib olgan, belimizni bukchaytirayotgan, qarzga botirayotgan ortiqcha, “udum”larni, dafn marosimini ham “xo‘ja ko‘rsin”ga aylantirish, fotihaga kelganlarning lavozimlari bilan g‘ururlanish kabi yaramas illatlarni ortda qoldiramizmi? Falon joyda muncha tonnalik palov tayyorlandi, sumalak pishirildi, ko‘pkari sovriniga ot, ho‘kiz, mashina qo‘yildi, degan gerdayishlarni-chi? To‘ylarni bugungidek ixcham, kamxarj, qarindosh-urug‘, mahalla bilan dabdabasiz o‘tkazish, uylarni qo‘shnining tomidan baland qilib qurmaslik, ko‘cha haqidan qo‘shmaslik bizni insoniylik sari undaydi. Ortiqcha mol-mulk, zeb-ziynat, qo‘sha-qo‘sha imoratu mashinalar oddiy kartoshka oldida bir pul bo‘lib qolishiga sal qoldi-ya! Bu holatni italiyalik fermer Dario Gambarin traktori bilan chiza olarmikin?
Yo‘q, chiza olmaydi. Bu surat har birimizning qalbimizda iymon nuri, vijdon bo‘yog‘i, insoniylik salohiyati-yu qalb ko‘zi bilan chizilmog‘i, kelajak nasllarga maʼnaviy meros bo‘lib qolmog‘i kerak.
Gap pandemiya hodisasidan Inson zoti irqi, diniy eʼtiqodi, millati, ijtimoiy holatidan qatʼi nazar, ko‘zini katta ochib, aql-hushini jamlab, burnidan ko‘ra uzoqroqni ko‘rib tegishli xulosalar chiqarishiga bog‘liq. Boshqa bir safar Pompeya fojiasi yoki Shohimardon seli paytidagidek, mulohaza yuritib o‘tirishga imkon bo‘lmasligi ehtimoldan xoli emas.
Bu xulosalar qanday bo‘lishi mumkin?
Eng muhim xulosa – ogohlik. Bu – erta-yu kech chor-atrofga olazarak qarab turish, hamma narsani shubha ostiga olish degani emas. Shifokorlar ishtaha ochilganida taom tanovul qilishni to‘xtatish kerak, deyishadi. Pandemiya bu gapning to‘g‘riligini amalda isbotladi –ishtahamiz qurg‘ur rosa ochilgan edi-da. Oliygohdagi saboqlarimda “Baxt va omad hamisha ham yaxshilik keltirmaydi”, degan gapni takrorlab turaman. Istiqlol xalqimizga buyuk baxt, mislsiz omad olib keldi. Pasportlarimizda dunyoning barcha mamlakatlariga chiqish mumkinligi to‘g‘risida maxsus belgi paydo bo‘ldi. Biz bu imkoniyatdan qanday va nima maqsadlarda foydalandik? “Ishtaha”miz shu qadar ochilib ketgandiki…
Ikkinchi xulosa – ertami-kechmi, Inson yolg‘on balosidan qutulishi kerak. Jurnalistlarning rost, tekshirilgan axborotlarga ega bo‘lish huquqi mamlakatimizda qonun darajasida eʼtirof etilgan. Isteʼmolchilarning haq-huquqlarini himoya qilish haqida ham qonun bor. Ammo bu foniy dunyoda odamlarga faqat rost axborotlarni tarqatish, yolg‘onni reklama qilmaslik to‘g‘risida qonun ham, taqiq ham yo‘q. Pandemiya ofatlari payti hamma joyda yolg‘on-yashiq urchiydi, odamlarni chalg‘itadi. Maʼlum manfaat evaziga “Men bu dorini ichib, falon kasallikdan tuzaldim, oyoqlarim yura boshladi, jigarim joyiga tushdi, oshqozonimdagi yara bitdi, saraton alomatlari yo‘q bo‘ldi, orzumiz ushalib, farzandli bo‘ldik” qabilidagi yolg‘onlarni to‘qish hech gap bo‘lmay qoldi. Choqqina hovli yerto‘lasida yoki boshqa bir joyda “qo‘lbola” dori tayyorlaydigan sexlar ochganlar oz emas. Bugun dunyo bo‘yicha isteʼmol qilinayotgan jami dori-darmonlarning qancha foizi yaroqsizligi maʼlum. Bu sohada qatʼiy intizom o‘rnatilmas ekan, firibgarlik davom etaveradi.
Yana bir xulosa – bugungi dardman, bezovta dunyoni kuchli besh-o‘nta davlatlar, siyosiy, iqtisodiy birlashmalar, harbiy bloklar emas, insonning chin Insonga xos aql-idroki, pokiza niyati va ibratli ibodati qutqaradi.

Ahmadjon MELIBOYEV