100 yilligi nishonlanayotgan O‘zbekiston Qahramoni, xalq yozuvchisi Said Ahmad haqida nimalarni bilamiz?

4

O‘zbekiston Qahramoni, xalq yozuvchisi Said Ahmadning hayot va ijod yo‘lini o‘ylasam, qalbim entikib ketadi. Bunday ulkan va og‘ir sinovlarga dosh bergan taqdir o‘zbek adabiyoti sahifalarida kamdan-kam uchraydi.
Yurtimizda istiqlol qo‘lga kiritilganda sevimli adibimiz 71 yoshda edi.
Said Ahmad qatag‘on davrining ikkinchi to‘lqiniga duchor bo‘lgan, qamoq azoblarini tortgan ijodkor edi. Xalqimiz bu haqda yaxshi biladi, negaki ko‘p yozilgan. U «aksilsho‘roviy millatchilar guruhi aʼzosi, zararli g‘oyalar targ‘ibotchisi» sifatida 25 yilga hukm qilinadi, Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyati Jezqazg‘an lagerida bo‘ladi. Uning «Qorako‘z majnun» hikoyalar to‘plami bu haqdagi achchiq haqiqatni ro‘y-rost ifodalaydi. «Borsa kelmas» lagerida 4 yil azob chekkan, hayotning turli sinovlarini boshdan kechirgan adib «Xalqlar dohiysi»ning o‘limidan so‘ng, “aybi” yumshatilib, turmadan ozod etiladi.
Said Ahmad dastlab “Mushtum” jurnalida, keyinchalik O‘zbekiston teleradiokompaniyasida, so‘ng «Sharq yulduzi» jurnalida ishlagan edi. Uning birinchi hikoyalar to‘plami “Tortiq” 1940-yilda nashr etilgan.
Shu-shu o‘zbek adabiyoti ostonasida isteʼdodli yosh yozuvchi ko‘rinayotgani adabiyot ahliga maʼlum bo‘ladi. Said Ahmadning o‘smirlik-yoshlik chog‘lari Ikkinchi jahon urushi yillariga to‘g‘ri keldi. Bu adibning ijodiga sezilarli taʼsir ko‘rsatdi. Adib “Xazina”, “Hayqiriq”, «Rahmat, azizlarim» kabi hikoyalarida Ikkinchi jahon urushining dahshatli oqibatlarini ro‘yi-rost tasvirlaydi.
Said Ahmad hikoyalarida tasvirlashi lozim bo‘lgan har bir voqeadan falsafiy umumlashma chiqaradi, voqealarni taʼsirchanlik bilan ifodalaydi, badiiy tasvirning xilma-xilligiga erishishga intiladi. «Cho‘l burguti», «O‘rik domla», “Lochin”, «Odam va bo‘ri», “Bo‘ston”, “To‘yboshi” kabi qator asarlari adib ijodida ham, o‘zbek nasrida ham yangilik bo‘ldi.
“Said Ahmadning «Kulgining kashf etilmagan maʼnolari ko‘p… kulgining bu xildagi hali ochilmagan sirlari, sehrli jilolari behisob» degan gaplari bejiz emas. Said Ahmad Abdulla Qahhordan keyingi o‘zbek adabiyotida mohir hikoyanavis, o‘tkir hajvchi, xalqimiz sevib o‘qiydigan ko‘plab asarlar muallifidir. Yozuvchi ijodining o‘ziga xosligini bu kulgilarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Kulgi adibning bosh quroli hisoblanadi. Said Ahmad yaratgan obrazlarning betakrorligi kulgi orqali yana-da jozibali, yorqinroq ko‘rinadi”, deb yozgandi O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov.
Said Ahmad shunday degandi: «Avvalo, hajvchi xalq tilini, shu tilning butun ranglariyu ohanglarini boshqalardan ko‘ra nozik his qiladigan va uni juda chiroyli qilib, odamlar chehrasiga tabassum purkaydigan qilib aytib bera oladigan mahorat egasi bo‘lmog‘i kerak. Kulish oson, kuldirish qiyin. Kulgisiz hayot g‘oyatda zerikarli bo‘lishini, kulgining kundalik hayotimizda juda muhim rol o‘ynashini hammamiz bilamizku».
Said Ahmad ijodining bu ko‘rkam tomonlari, ayniqsa, uning «Kelinlar qo‘zg‘oloni» va “Kuyov” komediyalarida namoyon bo‘ldi. «Kelinlar qo‘zg‘oloni» komediyasi yarim dunyoni aylanib chiqqani haqiqat. U shunchalik shuhrat topdiki, odamlar orasida ushbu komediya haqida hatto latifalar paydo bo‘ldi. Go‘yo «Kelinlar qo‘zg‘oloni»ni tomosha qilib turgan yosh homilador kelinchak tomosha zalida tug‘ib qo‘ygan emish.
“Olti yillik taʼqiqlardan so‘ng 1979-yilda «Yulduzli tunlar» romanim «Sharq yulduzi» jurnalida bosilib chiqdi. Shuning quvonchi bilan yashayotgan kunlarimning birida Said Ahmad akadan mashinkada yozilgan qisqagina tabrik xati oldim. Men eʼzozlab, ko‘zimga surtib o‘qigan bu maktubda Said Ahmad aka Bobur haqidagi romanimni jurnalda umr yo‘ldoshlari Saida Zunnunova bilan birga ko‘p joylarini ovoz chiqarib o‘qiganlari haqida yozgan edi. Shunday katta adib, “Ufq” romanining birinchi kitobi haqida Abdulla Qahhorday buyuk ustozning ajoyib maqolasi gazetada bosilgan, teatr sahnasidan «Kelinlar qo‘zg‘oloni» spektakli zo‘r muvaffaqiyat bilan ko‘rsatilayotgan kezlarda menga yana shunday iliq xat yozishga vaqt topganlari katta oliyjanoblik edi”, deb yozgandi Pirimqul Qodirov.
Istiqlol quyoshidan yuragi nurlangan adib quvnoq, jo‘shqin hajviyalar, dilbar lirik hikoyalar yaratdi. «Xandon pista», «Bir o‘pichning bahosi» va «Yo‘qotganlarim va topganlarim» kabi kitoblari, yangi “Saylanma” asarlari chop etildi. Ayniqsa «Yo‘qotganlarim va topganlarim» esse-xotiralar kitobi o‘zbek adabiyoti tarixida noyob asar bo‘ldi.
Agar adabiyotimiz tarixiga nazar tashlasak, Said Ahmaddek ko‘ngli keng va saxiy ijodkorlar barmoq bilan sanarli. U zot chinakamiga jon-tan bilan «Majolis un-nafois» edi. «Yo‘qotganlarim va topganlarim»ni varaqlasangiz, fikrimizga shubhasiz qo‘shilasiz. Unda 16 nafar yozuvchi va shoirning hayoti haqida g‘oyat teran va tesha tegmagan xotiralar berilgan. Mazkur xotiralar kitobi haqida o‘ylarkansiz xayolingizga adabiyotshunos olim Umarali Normatovning quyidagi fikrlari keladi: «Yo‘qotganlarim va topganlarim» kabi kitobni faqat Said Ahmadgina yozishi mumkin edi. Bu kitob adabiyotimizning mashʼum totalitar rejim zamonlari bosib o‘tgan mashaqqatli va ziddiyatli yo‘li, adiblarimiz qanday og‘ir sharoit va vaziyatlarda yashab ijod etgani, o‘shanday zamonlarda ham asl insoniy fazilatlarini saqlab qolgani, noyob badiiy durdonalar yaratishga erishgani to‘g‘risida haqqoniy tasavvur beradi”.
Kitob ustoz, akademik shoir G‘afur G‘ulom haqidagi «Nazm chorrahasidan reportaj» umumiy sarlavhali xotiralar bilan boshlanadi. Unda har biri adabiyotimiz tarixida voqea bo‘lgan “Yigitlar”, “Vaqt”, «Baxt tongotari», “Xotin”, “Siyohdon”, «Bizning uyga qo‘nib o‘ting, do‘stlarim» sheʼrlarining tug‘ilishi va yozilish tarixi va hatto yozilish jarayonlari voqealari haqqoniy yoritilgan.
Kitobning 91 sahifasidan «Yelkasini haqiqat silagan ijodkor» deb nomlangan xotiralar boshlanadi. 56 sahifadan iborat bu xotira esselar Said Ahmadning sevimli ustozi Abdulla Qahhorga bag‘ishlangan. Ularni o‘qirkansiz ko‘z oldingizda o‘ta haqiqatgo‘y, adabiyotning kuchi atomdan zo‘rligini amalda ulug‘lagan badiiy so‘z ustasini ko‘rasiz.
Ilk hikoyasi “Tortiq” bilan adabiyotga kirib kelgan Said Ahmad ulug‘ yozuvchi Abdulla Qahhordan “tarsaki” yegan iqtidor egasi edi. Shunday bo‘lsada u Abdulla Qahhorning har bir so‘zi, har bir satri moʻtabar darslik bo‘lganini mehr bilan qayta-qayta taʼkidlaydi.
Ayniqsa, O‘zbekiston Qahramoni, xalq yozuvchisi Said Ahmadning “Ufq” roman-trilogiyasi o‘tgan asr o‘zbek adabiyotining sara asarlaridan biri hisoblanadi. So‘zda xassos, atoqli adib Abdulla Qahhor “Ufq” haqida shunday degan edi: “Yaxshi yozuvchilarimizdan Said Ahmadning “Ufq” kitobi tengqurlari orasida yarqirab turibdi. Bu kitobni kitobxon boshdan-oyoq shavq bilan, hech qayerda turtinmasdan, diqqati susaymasdan, ishtahasi bo‘g‘ilmasdan o‘qib chiqadi”.
Darhaqiqat, «Qirq besh kun», «Hijron kunlarida», «Ufq bo‘sag‘asida» nomli uch kitobdan iborat ushbu romanni o‘qir ekansiz, beixtiyor asardan bosh ko‘tarolmay qolasiz. Fikrlar sodda, xalqoniyligi bilan mutolaa jarayonida o‘quvchiga katta estetik zavq va huzur ulashadi.
Albatta, asardagi voqealar xuddi bitta ipga bog‘langandek rivojlanib boradi. Bunga sabab o‘tgan asrning qirg‘inbarot urushi va insoniyatga keltirgan ofati tasvirlanganida ko‘rinadi. Ammo “Ufq” asarini faqatgina urush haqida yozilgan deb bo‘lmaydi, unda qahramonlarning hayotga munosabati, yashash tarzi, eng muhimi, inson taqdiri yoritilmaganda adabiy jarayonda bu qadar katta mavqega ega bo‘lmasdi.
Shuningdek, “Ufq” asari asosida poytaxt va viloyat teatrlarida bir necha bor spektakllar sahnalashtirilgan va uzluksiz namoyish etilgan. Shu maʼnoda, milliy romanchiligimizga asos solgan Abdulla Qodiriy asarlaridan so‘ng, o‘zbek teatri sahnalarida eng ko‘p namoyish etilgan asar — “Ufq” hisoblanadi.
Albatta, bu oddiy xol emas, balki asar qahramonlarining taqdiri dramatizmga boyligi, voqealarning xalqchilligi, syujetning ziddiyatlar iskanjasiga qurilganligi tomoshabinni o‘ziga jalb etadi. Va ishonch bilan aytish mumkinki, “Ufq” roman-trilogiyasi hozirgi kunda ham o‘z mavqeini yo‘qotgani yo‘q.
Adib «Yo‘qotganlarim va topganlarim»dagi bitiklaridagi «Dilbar shoir edi» sarlavhali esse otashin shoir Maqsud Shayxzodaga bag‘ishlangan. Unda g‘oyat qiziqarli voqealar faqat Said Ahmad qalamiga xos uslubda qalamga olinadi. Maqsud Shayxzoda — Ozarbayjon xalqining farzandi. U vaqtida bir arzimas voqea tufayli Toshkentga surgun qilinadi. O‘zbekiston rahbari Usmon Yusupov «xalq dushmani ham, millatchi ham emas» deya Maqsud Shayxzodaning qamoqdan chiqishiga ko‘mak beradi.
O‘zbek adabiyotida shoir Mirtemir yorqin iz qoldirgan. Unga bag‘ishlangan bobda aytilishicha, u ustozi Oybekka o‘xshab ko‘p ishonuvchan, sodda kishi bo‘lgan. Uni chuv tushirish juda oson edi. Soddalik sabab baʼzi kimsalarning g‘aliz ishlariga aralashib qolib, Mirtemir domla qamaladi. “Moskva – Volga” kanali qurilishida Beriya qamchisi ostida mashaqqatli mehnat taʼmini totadi. Qamoqdan qaytgach ham aytarli yorug‘lik ko‘rmaydi.
Shuningdek, o‘zbek adabiyotining nodir sahifalariga nazar tashlar ekansiz, otashin shoira Zulfiya 35 yoshida sevgan yori, turmush o‘rtog‘idan judo bo‘lib, Hamid Olimjon ishqida o‘tli misralar bitdi. Ulkan qalb sohibasi, zukko olima Zarifaxonim Saidnosirova — nodir isteʼdod egasi Oybek bilan hamisha birga bo‘ldi. Yozuvchi tildan qolib, qo‘li qalam tutolmay qolgan paytlari umr yo‘ldoshiga ham til, ham qalam bo‘ldi — pichirlab aytmoqchi bo‘lgan fikrlarini qog‘ozga tushirdi. Vafotidan keyin esa jasorat bilan “Mening Oybegim” deb nomlangan kitobini bitdi.
Said Ahmad nohaqdan qamalib ketgach, umr yo‘ldoshi Saida Zunnunova to‘rt yil uni matonat bilan kutdi. Said Ahmad qamoqdalik davrida shoira Saida Zunnunovaning boshiga ham og‘ir ko‘rguliklar tushdi. Ish berishmadi, yozgan sheʼr, hikoyalari ham “qatag‘on”ga uchradi.
Mazkur kitobdagi “Shoiraning feruza olami” xotiralarini mutolaa qilarkansiz, diydangiz bardosh berolmay beixtiyor ko‘zingizga yosh keladi.
Ha, “Yo‘qotganlarim va topganlarim” juda ajoyib, juda go‘zal kitob. Undagi Toshpo‘lat Hamid, Asqad Muxtor, Turob To‘la, O‘lmas Umarbekov, O‘tkir Hoshimov, Neʼmat Aminov, Maqsud Qoriyev kabi shoir va yozuvchilar haqidagi esse va ocherklar ham faqat Said Ahmadona iqtidor bilan yozilgan.
Aytgancha, Said Ahmad “Xanka va Tanka”, “Lampa shisha” kabi o‘nlab hajviy asarlari bilan o‘zbek radio va televideniyesidagi miniatyuralar teatriga ham asos solgan, desak xato bo‘lmaydi.
Adib bugun hayot bo‘lganida 100 yoshga to‘lgan bo‘lar edi. Lekin o‘lmas asarlari bilan xalq mehrini qozona olgan Said Ahmad barhayot — u odamlar qalbida, yodida yashamoqda. Keyingi yillarda davlatimiz tomonidan el ardog‘idagi adiblarga ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtirom maʼnaviyatimizga berilayotgan yuksak eʼtibordir. Adiblar xiyobonida qad rostlagan siymolar ichida Said Ahmad va Saida Zunnunovaning haykali alohida ajralib turibdi. Go‘yo ularning ziyosi shu maskandan ham taralayotgandek.

Toshtemir TURDIYEV,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi