Sirdaryoda psixologik darslar: «Shaxs, shaxsning individual-psixologik xususiyatlari», «Oilaviy munosabatlar va oilaviy konfliktlar»…

4

Avval xabar berganimizdek, Mudofaa vazirligi harbiy psixologlaridan tashkil topgan ishchi guruh tarkibida Toshkent harbiy okrugi harbiy psixologlari ham Sirdaryo viloyatining Sardoba suv omborida yuzaga kelgan tabiiy ofat oqibatida evakuatsiya qilingan aholi bilan ijtimoiy-psixologik tadbirlarni amalga oshirishda faol ishtirok etmoqdalar. Harbiy psixologlar tabiiy ofat oqibatida jabrlangan fuqarolar bilan jamoaviy va yakka tartibda psixologik konsultatsiya va psixokorreksion tadbirlarni amalga oshirgan holda ularning  ruhiyatiga salbiy taʼsir qilayotgan vahima, qo‘rquv va tushkunlik hamda ulardagi xavotirlanish holatlarini butkul bartaraf etishdi.

Hozirgi kunda harbiy psixologlar tomonidan Guliston shahridagi Olimpia zaxiralari kolleji, Guliston shahar akademik litseyi va 3-sonli ixtisoslashtirilgan maxsus sanʼat maktabi binolarida evakuatsiya qilingan fuqarolarning psixologik bilimlari va ko‘nikmalarini hamda psixologik madaniyatini oshirish maqsadida «Shaxs, shaxsning individual-psixologik xususiyatlari», «Yosh davrlarining o‘ziga xos xususiyatlari va inqirozlari», «Oilaviy munosabatlar va oilaviy konfliktlar» kabi mavzularda psixologik mashg‘ulotlar tashkillashtirilmoqda. Shuningdek, aholi o‘rtasida asossiz va salbiy axborotlar tarqalishini oldini olish, fuqarolar, ayniqsa, yoshlarning axloqiy-ruhiy holatini barqarorlashtirishga qaratilgan psixologik trening, mashq va motivatsion tadbirlar yaxshi samara bermoqda. Tabiiy ofat natijasida jabrlangan aholiga psixologik yordam ko‘rsatish tadbirlari davom etmoqda.

Toshkent harbiy okrugi Matbuot xizmati