Zulfiya Zokirovaning mangu matonati

5

Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligiga

Eʼtirof

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2019-yili 9-may Xotira va Qadrlash kunidagi nutqida Zulfiya Zokirovning matonatiga, sabru bardoshiga yuksak baho berib jumladan bunday degandilar: “Yovuz urush tufayli ayaning toʻrt kelini beva, besh nabirasi yetim boʻlib qoldi. Uning oʻzi esa bir umr motamda yashadi. Lekin hech qachon umidsizlikka tushmadi, oʻgʻillarining soʻnmas xotirasi, yorugʻ kunlar yodi bilan, kelinlari, nabiralarining hayoti, orzu-umidlari bilan yashadi. Mana, oʻzbek ayollarining, oʻzbek xalqining haqiqiy jasorati va matonati! Mana, sevgi va sadoqat madhiyasi, uning yengilmas kuch-qudrati! Mana, yoshlarimiz, farzandlarimiz kimdan namuna va oʻrnak olishlari kerak!”.
Davlatimiz rahbari eʼtirof etgan bu ayol Toshkent viloyatining Xonobod qishlogʻida yashab oʻtdi. Bir paytlar toʻqayzorlarga tutash boʻlgan qishloq bugun kengayib, Toshkent halqa yoʻli boʻylab Qoʻyliq bilan Oʻzgarish oʻrtasidagi yuzlab salobatli hovlilar qad rostlagan obod mahallalarga aylandi. Katta kichik hovlilar ichida Zulfiya Zokirova yashagan xonadon haliyam qishloqqa fayz boʻlib turibdi. Zulfiya ayaning suyukli oʻgʻli Maxamadjon Xolmatovning nabirasi Farhod Muhammadiyev bu uyning chirogʻini yoqyapti.
—Buvijonimning tabarruk qadamlari tekkan eshik shu. Uni buzish koʻnglimga botinmadi,-deydi u. — Hovlidagi uylarni otam rahmatlik buvijonimning vafotlaridan keyin yangilaganlar. Shularni hisobga olmasak, deyarli koʻp narsa oʻzgarmagan. Hovli oʻsha-oʻsha. Ozgina yer qoʻshilgan xolos. Har safar darvozadan kirib chiqqanimda buvijonimni eslab, haqlariga duo qilaman. Shu darvoza menga doim oilamiz tarixni eslatib turadi.
Xonoboddagi toʻkis uyning kelini boʻlgan Zulfiya turmush oʻrtogʻi Xolmat Zokirov bilan oʻttiz yil baxtli hayot kechirdi. Isʼhoq, Ahmad, Abduvahhob, Muhammad, Yusuf ismli besh oʻgʻil va Manzura ismli bir qizni dunyoga keltirdi. Ajab zamonlar edi. Bugungidek tugʻuruqxonayu, nikoh uylari qayerda deysiz. Shu tufayli bolalarni besh olti yoshida ham rasmiy roʻyxatga olishaverardi. Ota-ona, qarindosh urugʻ qaysi ismni lozim koʻrib chaqirishayotgan boʻlishsa, shu qogʻozga tushardi. Aynan shu sababli, Isʼhoq — Isoqjon, Muhammad — Mahamadjon, Abduvahhob — Vahobjon ismi bilan qayd etildi.
Zulfiya Zokirova toʻqayzor biqinidagi dalasida mehribon eri bilan yonma-yon, el dasturxonini toʻkin-sochin qilish uchun yer chopib dehqonchilik qildi. Qadoq qoʻlli eridan yerga muhabbat qoʻyishni, halol mehnat qilib rizq topishni, sabrni, tadbirni, Yaratganga shukrni oʻrgandi…
Tutmayiz
1881-yilda tavallud topgan Zulfiya Zokirova oʻshanda 39 bahorni qarshilayotgandi. Toʻngʻichi Isoqjon 18 yoshda, keyingilari Ahmadjon 15da, Mahamadjon 13da, Vahobjon 10da, kenja oʻgʻil Yusufjon esa 2 yoshda edi. Endigina odam taniy boshlagan shiringina chaqaloq Manzurani eri-xotin yeru koʻkka ishonishmasdi. Hovlidagi chogʻroqqina supani hamma xush koʻrishardi. Kunlar isishi bilan uch tup nashvati qalin soya tashlaydigan supadan-da oromiroq joyning oʻzi yoʻq edi. Uyning boshqa bir chetida tanasiga kishi qulochi yetmaydigan yongʻoq bor edi. Ular har yili shunaqangi hosil berardiki… Hovli orqasidagi xuddi egizaklardek bir-biriga oʻxshash ikki tup balxtut, ichkaridagi nok va yongʻoq oilaning katta boyligi edi. Tut pishigʻi kelishi bilan Zulfiya aya Xudo bergan hosilni avval qoʻni-qoʻshnilarga, keyin qavmi qarindoshlarga ulashardi. Bolalar tut mevasiga rosa toʻyishgach, kenja oʻgʻil Yusufjon bilan Manzuradan tashqari oiladagi hamma tutmayiz yoyishga kirishardi. Oradan yoz chillasini oʻtkazib nok pishardi. Uni ham yoyib quritishardi. Zulfiya Zokirovaning bu uddaburonligi butun oilani qahraton qishda tutmayiz, quritilgan olma, nok, oʻrik, jiyda, talqon va murabbo bilan taʼminlardi. Tancha atrofida gʻujgʻondek toʻplangan bolalar talqon bilan tutmayizni mazza qilib yeyishardi. Qarindosh-urugʻ, qoʻni-qoʻshnining keldi-ketdisida dasturxonni nok va tut murabbosi bezardi. Kishilardagi sabr-qanoatning, bir-biriga boʻlgan mehr oqibatining cheki yoʻq edi oʻsha paytlar. Erlar oriyatli, ayollar iboli, muslima va haliyma edi.
Vasiyat
Butun oila tanchaga yigʻilgan kezlarda, Xolmat ota kenja oʻgʻil Yusufjonni behad suyib erkalarkan: “Onasi boshqalaringni bilmadim-u, shuning juda zukko-da. Xudo umr berib uni olim boʻlganini koʻrsaydim”-derdi. Zulfiya xonim erining bu gaplariga javoban: “Nimalar deyapsiz. Hali siz bilan Yusufniyam, Manzuraniyam bolalarini boqamiz. Noumid shaytonga yoʻl bermang”-derdi. Erining gaplaridan Zulfiya aya ich-ichidan ezila boshlasa-da, mum tishlab, dardini hech kimga bildirmasdi. Yuragi allanimalarni his etar, kun sayin eriga parvonadek girdikapalak boʻlardi. Oʻzining holatini sezgan Xolmat ota ham bir narsa demasdi. Har safar yolgʻiz qolishganida, ayolining peshonasiga qoʻllarini qoʻyib silarkan, past ovozda: “Haqingga rozi boʻl xotin! Paymonam toʻlganga oʻxshaydi. Yomon tushlar koʻryapman. Bolalar bilan qanaqadir urushning ichida yuribmiz. Oqposhshoning urushi tugagandi-ku! Hayronman bu qanaqa jang boʻldi. Nima boʻlganda ham bandamiz Omonatni soʻrab kelsa, “La iloha, illalloh!” demoqdan oʻzga ilojimiz yoʻq. Sen sabr-qanoatli, zukko ayolsan. Bolalar senga omonat!!!”-derdi xolos. Bu vidolashuvlar uzoqqa choʻzilmadi. Suronli oʻttizinchi yillar yaqinlashayotgandi. Kunlarning birida, Xolmat otaning qoʻqqisdan ichi burab ogʻriy boshladi. Dard soat sayin kuchayib, alpdek erkakni bukib qoʻydi. Zulfiya aya nima qilishni bilmasdan, hali u qoʻshniga, hali bu qoʻshniga yugurdi. Qarindosh urugʻga odam joʻnatdi. Bir pastda hovli odam bilan toʻldi. Lekin hech kimdan joʻyali fikr chiqmadi. U paytlarda tabibning giyohiyu, qoʻshnochning irimidan boshqa davoning oʻzi yoʻq edi. Uch kunda Xolmat ota qazosiga yaqinlashdi. Ich ogʻrigʻi kuchayib, omonatni Yaratganga topshirdi.
Fayzli oilalar
Yaratganning taqdiri tufayli hayhotdek hovli otasiz huvullab qoldi. Biroq oqila ayol oʻzini yoʻqotmadi. Qarindosh-urugʻ, elu xalq koʻmagida hovli orqasidagi boʻsh yotgan yerdan avval toʻngʻichi Isoqjonga, keyin Ahmadjon bilan Vahobjonga yonma-yon qilib, bir uy bir dahliz boshpana koʻtarishdi. Ayol boshi bilan tinib tinchimay, shu uylarga kelin tushirdi. Mahamadjon esa onasi bilan ota hovlisida qoldi…
Isoqjon 1936-yili oʻgʻil farzandli boʻldi. Zulfiya aya quvonchdan tanasiga sigʻmasdi. Nega quvonmasin, otasiz katta qilgan farzandlari birin- ketin el oldiga tushyapti. Toʻngʻich nabiraning ismini Vataniga, ota-onasiga sadoqatli boʻlsin deya, Sodiq qoʻyishdi. 1937-yili esa, Ahmadjon oʻgʻilli boʻldi. Zulfiya aya unga Rahimjon deb ism berdi. Oradan bir yil oʻtib, keyingi farzandi Mahamadjon ham oʻgʻilli boʻldi. Uni Turgʻun deb atashdi. 1939-yilda Vahobjon xonadonida ham oʻgʻil farzand dunyoga keldi. Zulfiya aya uni yaxshi niyatlar bilan Mannop deb chaqirdi.
Birin-ketin tugʻilgan oʻgʻillar bu katta oilaga qut-baraka keltirdi. Isoqjon aka veterinarlik kasbini egalladi. Ahmadjon va Maxamadjonlar oʻsha davrdagi kolxoz faollaridan boʻlishdi. Yusufjon esa otasining orzusidagi yigit boʻlib yetishdi. Toshkent pedagogika institutini tamomlab, ilmini mukammallashtirish ilinjida Moskvaga yoʻl oldi. Bular onani ham quvontirar ham xavotirga solardi.
Shum xabar
Oradan ikki yil oʻtib, Zulfiya ayadagi bezovtalik sababi yuzaga chiqdi. Urush boshlanganligi haqidagi shum xabar bu yerga ham yetib keldi. Qishloqdagi erkaklarni birin-ketin frontga terib keta boshlashdi. Zulfiya aya koʻpga kelgan toʻyning xabarchisi bir kuni bu hovli eshigini ham taqillatishini yaxshi fahmlardi. Isoqjon oʻsha kunlarda 39 yoshda, Ahmadjon 36da, Mahamadjon 34da, Vahobjon 31 yoshda edi. Hech kim ularni Vatan himoyasiga borishiga toʻsqinlik qilolmasdi. 1941-yili dastlab Ahmadjonni harbiy komissariatga chaqirishdi.
—Otamni yaxshi eslayman, oʻshanda besh yoshda edim, — deydi Zulfiya ayaning nabirasi Rahimjon Axmadjonov. — Onam ukamga homilador edi. Otamni qoʻqqisdan olib ketishgan, biz ham bexabar qolganmiz. Zulfiya buvimning aytishicha, Yangibozordagi otliq askarlar divizionida harbiy tayyorgarlikdan oʻtkazishgan. Bir kuni safdoshlari bilan uyga mehmonga kelishdi. Oʻsha holat kechagidek koʻz oʻngimda. Buvijonimning hovlisidagi supada qancha oʻtirishgan boʻlishsa, otam meni bir daqiqaga ham tizzalaridan tushirmadilar. Erkalab sochlarimni silar, tanamni tinimsiz hidlardilar. Oʻshanda bolaligim tufayli bu otalik mehri ekanligini tushunmaganman. Buvim va onam osh damlashdi. Ertasiga ular yoʻlga tushishdi. “Toshkent tovarnыy” bekatidan urushga kuzatdik. Oradan oylar oʻtib, onamning koʻzi yoridi. Buvijonim ukamga Komil deb, ism qoʻydi. Umri qisqa ekan, besh yoshligida vabo kasaliga chalinib vafot etdi. Olloh rahmat qilsin!
Otamdan xat keldi. Unda: “Stalingrad yaqinidamiz. Tez kunlarda dushman bilan jangga kiramiz. Onamni, oʻzingni, Rahimjonni ehtiyot qil. Isoqjon akamdan xat-xabar bormi? Bizdan yana kimlar urushga ketdi? Yusufdan xat keldimi? Mendan hammaga salom ayt. Kichkinani ismini nima qoʻydilaring”- degan soʻzlar bitilgandi. Onam rahmatlik shu bir enlik maktubni bagʻriga bosib, xursandligidan tanasiga sigʻmasdi. Uni kechalari takror-takror oʻqiganidan maktubdagi satrlar menga yod boʻlib ketgandi.
1941—1943 yilllarda Zulfiya Zokirova biratoʻla alp qomatli toʻrt nafar oʻgʻlini frontga joʻnatdi. Kenjasi Yusufjon urush boshlanishidan ancha oldin taxminiy maʼlumotlarga koʻra, 1938-yilda Moskvaga oʻqishga ketganicha qaytmadi. Urush boshlangach, undan bir marotaba xat keldi. Yusufjon bu maktubida Leningrad frontida jang qilayotganligini yozgandi.
Kuzoydin
Shafqatsiz urush tufayli alp kelbatli aka-ukalardan birin-ketin qora xat kela boshladi. Zulfiya Zokirova 1943-yili ikki nuri diydasi — Ahmadjon bilan Yusufjonga aza ochdi. 1944-yili Vahob Xolmatovning ham qahramonlarcha halok boʻlgani maʼlum boʻldi.
—Urush yillari kattayu kichik tinimsiz mehnat qilardi, — deydi Rahimjon Ahmadjonov.—Oydin kechalarda ayollar va yosh qizlar bugʻdoy oʻrishardi. Chunki texnika yoʻq, erkaklar frontga ketgan, qoʻl mehnati ustun edi. Bechora ayollar ertasiga oʻrilgan gʻaramlarni yanchib don qilishardi. Keyin qoplarga joylab, frontga joʻnatishardi. Bir siqim boʻlsa-da gʻallani olib qolish katta jinoyat edi. Xoʻjalik rahbarlari boʻshagan maydonlarga sabzi, piyoz, karam, kartoshka, oshqovoq ektirishardi. Hosil yetilgach, buvijonim yetakchiligidagi ayollar meva-sabzavotlarni yuvib, tozalab, toʻgʻrashardi. Paxta sushilkalarida quritib, maxsus qoplarga solishardi. Keyin ot aravaga yuklab vokzalga olib borishar, vagonga ortishib frontga joʻnatishardi. Hamma narsa front uchun, hamma narsa gʻalaba uchun edi.
Och qolmasligimiz uchun onam bilan somonli dalalardan boshoq terib kun koʻrardik. Buvijonim ham yordamga kelardilar. Rahmatlik ajoyib ayol edilar-da. Kelinlaridan ham gʻayratliroq mehnat qilardi. U kishida erkaklarda topilmas jasorat borligini koʻrardim. Vatanga muhabbati, oilaga, farzandlariga sadoqati yuksak edi. Shu tufayli barcha musibatlarni yengib oʻtdilar.
1943-yili jangda ogʻir yaralanib gospitalga tushgan Mahamadjon Xolmatov sogʻaygach qishlogʻiga qaytdi. Oʻgʻlining urushdan sogʻ-omon qaytganligi Zulfiya ayaning kuyik qalbiga biroz taskin bergan boʻlsa-da, qolgan farzandlar dogʻi kun sayin uning yuragini kemirardi.
Mahamadjon urushdan qaytgach, mehnatga yaroqli katta-kichik erkakni toʻplab, kolxozda gʻaltakchilar brigadasini tuzdi. Dalalardagi tuproq ishlari, gʻallani tashishda bu matoh juda-juda asqotardi. Dehqonni ogʻirini yengil qiladigan undan boshqa qulayroq texnikaning oʻzi yoʻq edi-da.
Oradan toʻqqiz oy oʻtdi. Mahamadjon uydagilariga bildirmay, koʻngillilar safida urushga joʻnatishlarini soʻrab, Qorasuvdagi rayon harbiy komissariatiga bordi.
—Axir onang yolgʻiz qoladi-ku! Brigadang nima boʻladi? Kolxozga sendek baquvvat erkaklar hozir juda-juda zarur! Buning ustiga jarohating ham hali yaxshi bitib ketmagan boʻlsa,-deya, qatʼiy rad etdi harbiy komissar.
—Dalada ishlash uchun oʻrnimga odam topaman. Sogʻligim joyida. Akam va ukalarim, qolaversa, minglab oʻzbek yigitlari uchun qasos olishim kerak. Bunday imkoniyatni faqat siz olib berolasiz. Agar urushga qaytmasam, bir umr oʻzimni laʼnatlab yuraman,-deya, komissarni holi joniga qoʻymadi.
Mahamadjonni taklifi avvaliga qatʼiy rad etildi. Viloyatdan hadeb, frontga odam soʻrashavergach, chorasiz qolgan komissar 1944-yil boshida Mahamatjonga chaqiruv qogʻozi joʻnattirdi.
Boʻsh qolgan bagʻir
Zulfiya Zokirovaning moʻjaz hovlisi Xolmat otadan keyin ikkinchi bor huvillab qoldi. Qalbidagi farzand dogʻini unittirib turgan Mahamadjonni shafqatsiz urush yana bagʻridan yulib oldi-ya. Zulfiya aya uni boshqa farzandlaridan boshqacharoq suyardi. Shu tufayli Mahamadjonni hovli qilib chiqishiga izn bermadi. Oʻzi bilan olib qoldi. Baland boʻyli, keng yagʻrinli, moʻylabi ham qalam bilan chizilgandek oʻziga yarashib turgan Mahamadjon ham onasi poyida jon berardi. Iloji boʻlsa qoʻlini sovuq suvga urdirmasa. Onaizor shularni oʻylarkan: “Nega rozilik berdim-a. Voyenkomga borib: “Shunchasini oʻlgani yetar! Bunisini menga qoldir! Bir kunligimga yarasin!” — deb, qattiq turganimda yuzimdan oʻtolmasdi-ku! — deya oʻzini koyirdi. Yana: “Ey banda Yaratganning taqdiridan qayoqqa ham qocharding” — deya, gʻudranib qoʻyardi.
Oʻz yogʻiga oʻzi qovurilib yurganida, 1945-yili toʻngʻichi Isoqjondan qora xat keldi.
—Bu nima, — deb soʻradi uni ostonadan uzatgan kolxoz raisiga gʻazab bilan tikilib.
—Bu…Bu…Bu xat!-dedi rais onaning vajohatidan qoʻrqib.
— Qanday xat? Qorami? — takror soʻradi raisdan.
— Yoʻq!-dedi rais yerga tikilib.
Xatni uning qoʻlidan yulib olarkan: “Bu haqida birovga gapira koʻrma. Xotini Lazokatning oʻzi bir ahvolda yuribdi. Oʻgʻillari Sodiq bilan Anvar har kuni: “Otam qachon keladi?” — deyaverib yuragimni ezib yubordi. Aza ochib ularning bagʻrini qon qilishga toqatim yoʻq! Tushundingmi? Endi bu yerdan daf boʻl, shumqadam!” — deganicha xatni yengi uchiga berkitib toʻgʻri ichkari uyga yurdi. Borib xatni sandigʻi tubiga tashladi. Bu haqida boshqa hech kimga ogʻiz ochmadi. Rais ham miq etmay ortiga qaytdi.
Qishloqqa urush tugaganligi haqida xushxabar tarqaldi. Hamma qatori Zulfiya aya ham behad suyundi. Xayolida oʻgʻli Isoqjon hali tirikdek edi. Goʻyo u ukasi Mahamadjon bilan oldin-ketin kirib keladigandek… Shunday kunlarning birida — 1945-yil 22-iyunda Mahamadjonniing turmush oʻrtogʻi Xolmatova Xidoyatxon nomiga qora xat keldi. Unda oʻqchi Xolmatov Mahamat oʻz harbiy qasamyodiga sodiq qolib, chinakam qahramonlik va jasorat koʻrsatib, jangda vafot etgani, uning ruhiga harbiy hurmat-ehtirom koʻrsatilib Polshaning Vendraldrof rayonidagi qabristonga 6739-raqami ostida dafn qilingani bitilgan edi.
Zulfiya Zokirova oʻqishga noʻnoqroq edi. Shu bois: “ Hoynahoy bu ham qoraxat boʻlsa kerak” degan gumonda hech kimga oʻqitmasdan uni sandiqqa bekitdi.
—Buvijonim iymonli, oqila, sabr-bardoshli ayol edilar, — deya oʻsha kunlarni xotirlaydi Zulfiya Zokirovaning nabirasi Rahimjon Ahmadjonov. — Shu bois bu shumxabarni ham taqdirga yoʻyib, sir boy bermadilar. Biroq amakimga aza ochishgach, ancha vaqt oʻzlariga kelolmadilar. Vaqtini joynamoz ustida oʻtkazardilar. Qoʻllaridan tasbeh tushmasdi. “Robbim! Hammasi shahid ketishdi-ya. Ularni rahmatinga ol! Hah jannat yigitlari-ya! Boʻylaringdan oʻrgilay! Biri-biridan shirin bolalarim bor edi-ya! Allohim! Menga ham ular yonidan joy ber! Endi bu dunyoda yashab nima qildim!” — deya, joynamoz ustidan turardilar… Shunday kunlarning birida hammamizni hovlisidagi supaga yigʻib nasihat qildilar. Kelinlarini sabr bardoshli boʻlishga undadilar. Onam va kelinoyilarimga qarab: “Sizlarga zulm qilib qoʻymadimmi? Xudodan qoʻrqaman. Hali yoshsizlar, lozim topsanglar turmush quringlar, mingdan-ming roziman. Faqat bir shart bilan. Nabiralarim jigargoʻshalarimdan qolgan yodgorlik! Ularni menga qoldirasizlar!» — dedilar. Hamma birdan uvvos tortib yuborishdi. Hech kim bu taklifga rozilik bildirmadi. Bevalar bir umr sadoqat yoʻlini tanlashdi. Shu tufayli boʻlsa kerak, otam va amakilarim tishlab ketgan bir cheti kemtik non yillar boʻyi devordagi qoziqda osigʻliq turdi. Buvijonim oʻgʻillarning loaqal bittasi boʻlsa-da eshikdan kirib kelar, degan umidda yashardilar. Umrining soʻnggi yillari har biriga boʻzdan alohida xaltacha tikdilar. Qotgan nonlar buvimning vafotidan keyin ham oʻsha xaltachalarda saqlandi.
Kutilmagan mehmon
Zulfiya Zokirova toʻngʻichi Isoqjonni hamon kutmoqda edi. Kelinlari va nabiralariga: “Isoqjon tez-tez tushimga kiryapti-ya. Xudo xohlasa erta-indin eshikdan kulib kirib keladi, katta toʻy qilamiz”-degan soʻzlarni takrorlaydigan boʻlib qoldi.
1946-yil yoz kunlarining birida, ikki uy naridagi qoʻshnining oʻgʻlini yetaklab harbiy kiyimdagi barvasta bir odam kirib keldi. Zulfiya aya kelin va nabiralar qurshovida hovlidagi supada oʻtirardi. Mehmonga koʻzi tushdi-yu: “Ana Isoqjon keldi!”- deb yubordi. Hamma yugurib askarga peshvoz chiqishdi. Qarashsa begona kishi ekan. Kelinlar oʻzini ichkariga olishdi. Zulfiya aya mehmonni supaga taklif qildi. Hol-ahvol soʻrashishgach, askar kiyimidagi kishi yerga qaraganicha ohista gap boshladi:
—Men Isoqjonning polkdoshiman. Fargʻonadanman. Isoqjon bu supa haqida juda koʻp gapirardi. Siz onalari boʻlsangiz kerak-a. Farishtadek onam bor derdi, toʻgʻri ekan.
—Bolamning oʻzi qani?-soʻradi Zulfiya aya.
—Belorussiyani nemislardan ozod qilayotgandik. Oʻrmondagi janglardan birida dushman pistirmasiga duch kelib qoldik. Hammani qirib tashlashdi. Meni ham oʻldi deb oʻylashib tashlab ketishgan. Askarlarimiz kelgach, jonim uzilmaganini koʻrib, tezda gospitalga joʻnatishadi. Taqdir ekan tirik qoldim. Keyin borib Isoqjonni qabrini topdim. Oʻsha oʻrmon yaqinidagi qabristonga dafn etishibdi, —dediyu, piq-piq yigʻlay boshladi. Zulfiya aya soʻnggi umidi puchga chiqqanidan tamoman karaxt boʻlib qolgandi. “Oʻzing berding va hammasini Oʻzing olding Egam” — dediyu, uvvos tortib yubordi. Shu kundan boshlab Isoqjonga ham aza ochdi.
Xotima
Zulfiya aya kenjasi Manzurani Toshkentning “Oʻqchi” mahallasiga uzatgandi. Kuyovi Ortiqni oʻz farzandidek suyardi. U ham ayani onasidek eʼzozlardi. Kunlarning birida kuyovini yoniga chaqirib: “Bolalarimni urush oldi. Seni kuyovim emas, oʻgʻlim deb, qabul qilganman. Ularning chala qolgan mehrini sendan topdim. Bunday ishlar hayotda kamdan-kam boʻladi bolam. Koʻrib turibsan, yildan yilga kuchim ketyapti. Vaqti yetib omonatimni topshirsam, qabrimga oʻzing tushgin-a! Tanamga boshqa nomahramning qoʻli tegmasin deyman-da!”-deb, vasiyat qildi. Ortiqboy aka vasiyatni bajarishini bildirib, onaning koʻnglini xotirjam etdi. Afsuslar boʻlsinkim, 1958-yili Ortiqboy aka shaharda tramvay urishi oqibatida vafot etdi. Zulfiya ayaning endi hayotdan umidi qolmagandek edi.
Qizi Manzura shaharda bir etak bolalari bilan beva qoldi. Shu bois topganini jamlab uni tez-tez yoʻqlaydigan odat chiqardi. Qishloqqa qaytgach, kechalari bolalarining ismini aytib chaqirib chiqardi. Har oy nafaqasini olganida Qoʻyliqqa tushib, u bu narsa xarid qilar, qishloq ayollari, qarindosh urugʻni chaqirib uyida mavludi sharif oʻqitib, xatmi Qurʼon tushirtirar, savobini shahidlariga bagʻishlardi. Bu odat yil boʻyi davom etardi. Shu bilan qalbi ancha taskin topib, xotirjam yurardi. Bir gal Manzurani yoʻqlab shaharga borganida, tramvaydan tushayotib oʻzini boshqarolmay yiqilib tushdi. Oyogʻining son suyagi sinib, uch yil toʻshakda yotib qoldi.
Oʻgʻillari shahid ketishganligini bilsa-da, bir umr eshikka termulib: “Isoqjon, Ahmadjon, Mahamadjon, Vahobjon, Yusufjon qaydasilar! Nega hamma keldi silardan darak yoʻq! Meni sogʻinmadilaringmi? Men esa silarni qattiq sogʻindim!”-deya, farzandlarini chorlardi onaizor. Qazosi yaqinlashgan kunlarning birida nabiralari Rahim, Sodiq, Anvar, Turgʻun, Mannop va Rahmatlarni yigʻdi.
—Gaplarimni yaxshilab eshitinglar,-dedi aya ularga. — Rahimjon sizlarni ichingizda kattangiz. Otalaringiz oʻzaro juda inoq yashashgan. Biri ikkinchisi uchun jonini berishga tayyor edi. Sizlar ham shunday mehr-oqibatli hayot kechiringlar. Shunda otalaringni ruhi barchalaringdan rozi boʻladi. Men ham qabrimda tinch yotaman!
Zulfiya Zokirovaning bu soʻzlari nabiralar uchun hayotda doim toʻgʻri yoʻlni koʻrsatdi. Ularni kamtarlik, Vatanga muhabbat va sadoqat bilan yashab, baxt iqbol topishiga sabab boʻldi.
Matonatli oʻzbek ayolining Vatan himoyasi, uning kelajagi yoʻlida farzandlaridan judo boʻlgani, sabr-bardoshi mamlakatimizdagi har bir oila uchun katta ibrat maktabidir.

Shodiyor MUTAHAROV, (Xalq soʻzi)