“Kezi kelganda belkurak ko‘tarib jangga kirgan paytlarimiz bo‘ldi…”

2

Toshkent harbiy okrugi Matbuot xizmati jamoasi 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan poytaxtimizda istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari xonadonlariga tashrif buyurib, ular bilan mo‘jaz suhbat tashkillashtirmoqda.
Navbatdagi manzilimiz poytaxtimizning Shayxontohur tumanida joylashgan Kattahovuz mahallasida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Asqar Jo‘rayev xonadoni bo‘ldi.


Ko‘ksi medallarga to‘la otaxon suhbatini tinglar ekansiz, u boshidan o‘tkazgan voqealar sizga ertaknamo bo‘lib ko‘rinadi. Osongina eshitasiz, hazm qilasiz. Hatto, kezi kelganda belkurakni ko‘tarib jangga kirgani haqidagi og‘ir jarayonlar sizni yengil kulgiga ham tortishi mumkin. Ammo 41-yillarning kayfiyati har qanday kulgini inkor etar, titroq va charchoq, ochlik va umidsizlik orasidagi allaqanday ruhiyat halqni qattiq charchatgan edi.


1944-yilda urushga Toshkent shahridan chaqirilgan Asqar Jo‘rayev o‘sha kezlarda endigina o‘n sakkizga to‘lgan edi. Dastavval Qozog‘istonning Semipalatinsk shahrida 3 oy jangovar tayyorgarlik ko‘rgan yigitcha Latviyaga, sal turib Germaniyaga yo‘l oldi. 1945-yilning aprelida Berlingacha kirib bordi.


— Ikki yil fashistlarning, ikki yil bizning qo‘limiz baland keldi. Baʼzan shunday og‘ir jarayonlar bo‘ldiki, belkurak ko‘tarib jangga kirgan paytlarimiz ham bo‘ldi, — deya hikoya qiladi Asqar bobo.
Shukrki, Asqar Jo‘rayev Toshkentga eson-omon qaytib keldi. Oila qurib, besh qiz va bir o‘g‘ilni voyaga yetkazdi. Bugun u oila aʼzolari, nevaralari davrasida shod-u xurram hayot kechirmoqda.


Ulug‘ yoshda bo‘lsa ham o‘zbek armiyasida bo‘layotgan o‘zgarishlarni sevinib kuzatib boradi. Gohida harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan sharoitlar, imtiyozlarga guvoh bo‘lib, o‘zining qarovsiz damlarini esga oladi. Nima bo‘lganda ham u bugun juda baxtiyor. Chunki uning taqdirida tinch mamlakatda umrguzaronlik qilish nasib etayotir…

 Toshkent harbiy okrugi Matbuot xizmati