Toshkent harbiy okrugi Qoʼmondoni Boʼstonliqdagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari xonadonlariga tashrif buyurdi (+foto)

2

Toshkent harbiy okrugi Qoʼshinlari Qoʼmondoni polkovnik Zokirjon Sayfudinov Toshkent viloyatining Boʼstonliq tumanida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari xonadonlariga tashrif buyurdi.


Okrug Qoʼmondonligi vakillari, Mudofaaga koʼmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining viloyat kengashi aʼzolari, bir guruh faxriy ishtirokida uyushtirilgan ushbu tadbir qaynoq taassurotlarga boy boʼldi.


Okrug Qoʼmondoni va hamkor tashkilot vakillari urush faxriylari boʼlmish Mirxoliq ota Ismanov hamda Mirsoliq ota Ergashev bilan samimiy muloqotlar olib borishdi. Ular urush musibatlari, oʼz boshidan kechirgan ogʼir kunlar haqida soʼzlar ekan, beixtiyor bugungi tinch kunlarimizga shukronalik keltirdi.


Polkovnik Zokirjon Sayfudinov urush faxriylariga oʼz samimiy minnatdorchiligini bildirar ekan ular bosib oʼtgan shonli yoʼl Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilayotgan har bir oʼgʼlonga iftixor bagʼishlashini taʼkidlab oʼtdi.


Uchrashuv davomida faxriylarga esdalik sovgʼalar topshirildi. Harbiy orkestr ijrosida yangragan kuylar esa barchaga xush kayfiyat baxsh etdi.

Toshkent harbiy okrugi Matbuot xizmati