“Bobur – umumarmiya yoshlari nigohida” mavzusidagi insholar tanlovi gʼoliblari munosib taqdirlandi (+foto)

2

Oʼzbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi, Yangiyoʼl tuman Kengashi, Toshkent harbiy okrugi tashabbusi hamda tuman hokimligi bilan hamkorlikda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 537 yilligi munosabati bilan “Bobur – umumarmiya yoshlari nigohida” mavzusida Qurolli Kuchlarimiz yosh harbiy xizmatchilari oʼrtasida insholar tanlovining viloyat bosqichi boʼlib oʼtdi.


Bundan koʼzlangan asosiy maqsad – yosh harbiy xizmatchilarning maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini oshirish, Bobur hayoti va ijodini chuqur anglash hamda harbiy xizmatchilarning bilim saviyasini oshirishdan iboratdir.
Tanlovda 60 nafardan ortiq viloyatdagi kuch tuzilmalarning harbiy qismlaridan bir nafardan ishtirokchi qatnashdi.


Tanlov natijalariga koʼra 1-oʼrin Toshkent harbiy okrugiga qarashli harbiy qismdan shartnoma asosidagi oddiy askar Boburxon Omonovga nasib etdi. 2-oʼrin esa Qibray tumanidagi Milliy gvardiya tasarrufidagi harbiy qism muddatli harbiy xizmatchisi oddiy askar Surxrob Аlmardonov hamda Oqqoʼrgʼon tumanidagi Milliy gvardiya qoʼriqlash boshqarmasi alohida otryad safdor xodimi Sarvarjon Boʼriboyev ega boʼldi.
3-oʼrinni Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qism muddatli harbiy xizmatchisi oddiy askar Mironshoh Muqimov hamda muddatli harbiy xizmatchi oddiy askar Jamshidbek Аbdurafiqovlar qoʼlga kiritdi.


Tadbirda Oʼzbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati kengashi harbiy qismlardagi boshlangʼich tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish boʼlimi boshligʼi mayor Аkobir Nurillaev, harbiy qism komandiri podpolkovnik Qahramon Аbdurazzoqov hamda Yangiyoʼl tuman hokimi oʼrinbosari Maʼmurjon Narboev soʼzga chiqdi va gʼoliblarni taqdirlashdi.

Gʼoliblar Oʼzbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati kengashi hamda tuman hokimligi tomonidan diplom va qimmatbaho sovgʼalar bilan taqdirlandilar.
Tadbir davomida Bobur hayotidan hikoya qiluvchi sahna koʼrinishlari, kitoblar yarmarkasi hamda konsert dasturi namoyish etildi.

Toshkent harbiy okrugi Matbuot xizmati