Korrupsiya va huquqbuzarliklarning oldini olish boʼyicha hamkorlikdagi yigʼilish boʼlib oʼtdi (+foto)

4

Toshkent harbiy prokuraturasi Toshkent harbiy okrugi qoʼshinlari qoʼmondonligi bilan hamkorlikda Toshkent shahar hamda viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi va ularning tuman boʼlimlari xodimlari oʼrtasida yigʼilish boʼlib oʼtdi.
Unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga yoʼllagan Murojaatnomasida ilgari surilgan gʼoya va tashabbuslar, ularni amalga oshirish bilan bogʼliq masalalar muhokama qilindi.


Muloqotlar tanqidiy ruhda oʼtib, Oʼzbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʼgʼrisida”gi Qonunining mazmun-mohiyati hamda 2020-yil chaqiruv mavsumida korruptsiyaga qarshi kurashish borasida muhim vazifalar belgilab olindi.
Soʼz olganlar tomonidan harbiy va Qurolli Kuchlar xizmatchilari oʼzlarini majoziy maʼnoda “halollik vaksinasi” bilan emlashi, shundagina barcha huquqbuzarlik va jinoyatlarga qarshi kurashish mumkin ekani alohida taʼkidlandi.


Shuningdek, bugungi kunda mudofaa ishlari boshqarmalari va ularning tuman boʼlimlariga fuqarolarni muddatli harbiy xizmat va safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga qabul qilishda yoʼl qoʼyilayotgan qonunbuzilishlar va jinoyatchilik yuzasidan tushuntirishlar berib oʼtildi.


Tadbir yakunida yigʼilganlarning bu boradagi fikr va takliflari tinglanib, barcha savollarga mutasaddi vakillar tomonidan javob berildi.

Toshkent harbiy okrugi Matbuot xizmati