Bobur Mirzoning «Maxfiy vasiyatnoma»si haqida eshitganmisiz?

5

Bobur ijodi misli bir ummon. Bu ummon ichida qanday dur-u gavharlar borligi hech birimizga toʼliq maʼlum emas. Shoh va shoir ijodiga toʼxtalar ekanmiz, koʼpgina izlanishlar olib borgan tadqiqodchilar, shu jumladan, boburshunos Xayrulla Ismatullayev qarashlariga alohida eʼtibor berishimiz lozim.
Oʼz hayotini betob farzandi Humoyunga berishga tayyor boʼlgan ota – yozma vasiyatnoma yozib qoldirgan. Bu «Maxfiy vasiyatnoma» deb atalib, 935 hijriy yil ( 1529-yil 11-yanvar) «Nilufar» bogʼida yozilgan.


«Maxfiy vasiyatnoma» oʼng tomondan doira ichida Boburning «933. Podishoh Bahodir gʼoziy Zahriddin Muhammad Bobur» deb naqshlangan muhri ham berilgan. Bu vasiyatnoma Hindistonni boshqarishga oid boʼlgani uchun ham maxfiy sanalgan. Bu vasiyatnoma bilan hind professorlari Sayid Ross Maʼsud , H.Shervaniy hamda Jaypurdagi Rajaston universitetining professori tarixchi olim R. Nath tanish boʼlgan. Vasiyatnoma fors tilida yozilgan. Hindistonda sigir muqaddas boʼlganligi sababli «Hindistonning qalbini qoʼlga kiritaman desangiz, sigir soʼymoqdan oʼzingizni tiying, buning evaziga xalqning qalbi sizga yaqin boʼladi», deya nasihat qilinadi vasiyatnomada.
Hozirgi kunda Boburning vasiyatnomasi Bhopal Davlat kutubxonasida saqlanadi. Uning fotonusxasini birinchi boʼlib kutubxona mudiri B. Goshal olib, janob Said Ross Maʼsudga yuborgan. Vasiyatnoma nastaʼliq xatida yozilgan.
47 yillik umrining 36 yilini jang-u jadallarda oʼtkazgan Bobur hindlar orasida «Qalandar» nomini olgan. U toʼgʼrisoʼz, haqiqatgoʼy solnomachi, «Boburnoma» muallifidir.

Ruhsora Ziyodovna, Oʼzbekiston jurnalistika va ommaviy
kommunikatsiyalar universiteti talabasi