Toshkentda “Yangi Oʼzbekistonni yoshlar bilan birga quramiz!” shiori ostida vatanparvarlik festivali boshlandi (+foto)

3

Bugun poytaxtimizdagi Аlisher Navoiy nomidagi Oʼzbekiston Milliy kutubxonasi, “Hyatt Regency” mehmonxonasi old maydoni hamda Yoshlar ijod saroyi yigit-qizlar bilan gavjum.
Prezidentmizning 5 ta muhim tashabbusi doirasidagi ushbu festival davomida “Yosh kitobxon” aktsiyasi va kitoblar koʼrgazmasi tashkil etildi. Yosh ijodkorlar asarlari taqdimotlari va mushoiralar ham oʼtkazilmoqda.


Yoshlar uchun bir tomonda shaxmat, boshqa tomonda stol tennisi musobaqalari tashkil etilgan.
Retro avtomobillar namoyishi, soʼnggi avlod robotlari, eng yangi ixtirolar, innovatsion gʼoyalar va startap loyihalar koʼrgazmasi, taniqli sport ustalaridan oʼziga xos mahorat saboqlari barchaga manzur boʼlmoqda.
Bu manzilga kelganlar tasviriy sanʼat boʼyicha mahorat darslariga guvoh boʼlmoqda. Boks, qilichbozlik, qoʼl jangi, kamondan oʼq otish maydonlari tashkil etilishi barobarida, ishtirokchilar skeyt, rolikda uchish va boshqa zamonaviy sport turlari boʼyicha chiqishlarni zoʼr ishtiyoq bilan kuzatmoqda.


Kun davomida “Muvaffaqiyatga erishish sirlari” mavzusida taniqli tadbirkorlar bilan uchrashuv, yoshlar oʼrtasida “Kibersport” musobaqasi, shuningdek, Istiqlol koʼchasining А.Temur shoh koʼchasi kesishmasidan asosiy sahnagacha boʼlgan manzilda harbiylar va yoshlar ishtirokida “Vatanparvarlik yurishi” oʼtkaziladi. “Vatanimni kuylayman” mavzusida harbiy orkestr kontsert dasturi namoyish etilishi kutilmoqda.


Musiqa va sanʼat maktablari yosh ijodkorlari hamda mashhur sanʼatkorlar ishtirokida kontsert, Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilarining jangovar chiqishlari, DJ shou kabi madaniy-koʼngilochar tadbirlar boʼlib oʼtadi.
Oʼzbekiston bayrogʼi ilingan katta havo shari uchirilishi – tadbirning eng qiziqarli va taassurotlarga boy tomoshasi boʼlishi kutilmoqda.

Manba: UzА