Toshkent harbiy okrugi Qoʼmondonligi tomonidan bir guruh harbiy xizmatchilar taqdirlandi (+foto)

2

Bugun, 13 yanvar kuni Toshkent harbiy okrugida 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tantanali kecha tashkil etildi. Unda okrug qoʼshinlari Qoʼmondoligi vakillari, faxriy harbiy xizmatchilar, Chirchiq garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi harbiy orkestri va ansambli, qator taniqli xonandalar, soʼz ustalari ishtirok etdi.
Tantanali marosimni okrug qoʼshinlari Qoʼmondoni polkovnik Zokirjon Sayfudinov ochib berar ekan, barchani Vatan himoyachilari kuni hamda Toshkent harbiy okrugi tashkil topgan sana bilan muborakbod etdi.


Soʼzga chiqqan faxriy xizmatchilar Qurolli Kuchlarimiz tashkil topishi, Toshkent harbiy okrugining ilk pallalaridagi jarayonlar haqida yigʼilganlarga soʼzlab berdi.
Tadbirning davomida okrug Qoʼmondonligi tomonidan oʼtgan yil davomida yuqori natijalarga erishgan bir qator harbiy xizmatchilar diplom hamda qimmatbaho sovgʼalar bilan ragʼbatlantirildi. Shuningdek, bir qator harbiy xizmatchilarga navbatdagi harbiy unvonlar tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirning badiiy qismida harbiy orkestr, “Navqiron” guruhi tomonidan goʼzal kuy-qoʼshiqlar yangrab oʼtdi. “Qahqaha” guruhining hazillari esa barchaga xush kayfiyat ulashdi.

Toshkent harbiy okrugi Matbuot xizmati