HAM HARBIY XIZMATCHI, HAM TADBIRKOR (+FOTO)

5

Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz taraqqiyotiga daxldor boʻlgan “Har bir oila – tadbirkor” dasturini amalga oshirish toʻgʻrisidagi qarori katta ahamiyatga ega qadam boʻldi.
Umuman aytganda, qaror har bir oilaning tadbirkorlik bilan shugʻullanishi hamda barqaror daromad manbaiga ega boʻlishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berdi.
Mudofaa tizimida ham yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, oilaviy tadbirkorlikni yoʻlga qoʻygan harbiylar soni kundan-kunga ortib bormoqda. Jumladan, kapitan Akbar Azimov oilasi ana shundaylar sirasiga kiradi.


Dastur doirasida imtiyozli kreditlar ajratish tartibidan samarali foydalangan kapitan Akbar Azimov davlatdan 60 million soʻm kredit olib, quyonchilik va tuyaqushchilikni rivojlantiryapti.
Xarajati qushdek, daromadi tuyadek boʻlgan, issiqqa ham, sovuqqa ham birdek chidamli tuyaqushlar bizning iqlimda tez koʻpayadi, – deydi tadbirkor. – Bundan tashqari, uni tuxumi va goʻshtining foydali jihatlari juda koʻp. Tuxumida xolesterin umuman yoʻq. Qand kasali va qon bosimi bor bemorlar ham uning tuxumidan bemalol isteʼmol qilishlari mumkin. Tuyaqush tuxumining bittasi tovuqning 35-40 tacha tuxumiga toʻgʻri keladi.

Qandolatchilikda ham tovuqning tuxumidan koʻra, tuyaqushniki yaxshi koʻpchiganligi bois unga talab katta. Goʻshti ham foydali. Terisi dunyo boʻyicha timsohning terisidan keyin ikkinchi oʻrinda turadi. Uning terisidan asosan oyoq kiyim, ayollar sumkasi ishlab chiqariladi.
Harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari bu kabi serdaromad tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishlari quvonarli hol.

 Toshkent harbiy okrugi Matbuot xizmati