QAHRAMON ONALARNING QAHRAMON OʻGʻLONLARI YANA BIR BOR XOTIRLANDI (+FOTO)

5

“Nima boʻlsa boʻlsin – urush boʻlmasin” – deya yozgan edi oʻzbekning ardoqli shoiri. Ha, Mustaqillik minglab insonlarning peshona teri, orzu va intilishlari, saʼy-harakatlari bilan qoʻlga kiritildi. Bu neʼmat har qanday sharafdan, goʻzal taʼriflardan, maqtovlardan baland turadi. Bir soʻz bilan aytganda, shu yurtning har bir fuqarosi bu kunni oʻz tugʻilgan kuni singari nishonlashga, bayram qilishga haqli.


Toshkent harbiy okrugi Qoʻshinlari Qoʻmondonligi tomonidan tashkil qilingan tadbir ham bayram arafasidagi bayramga aylandi. Unda yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi yoʻlida jonlarini qurbon qilgan oʻgʻlonlarimizning yaqinlari, xizmat vazifasini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning oila-aʼzolari, doʻstlari ishtirok etdi.

Tantanali qismni Toshkent harbiy okrugi Qoʻshinlari Qoʻmondoni vazifasini vaqtincha bajaruvchi, podpolkovnik Shokir Xairov ochib berib, aziz tuprogʻimizni koʻz qorachigʻiday avaylab, barchaga mardlik va qahramonlikda namuna boʻlgan marhum oʻgʻlonlarimizning nomi doimo barhayot ekanini taʼkidlab oʻtdi.


Tadbir davomida marhum harbiy xizmatchilarning oilalariga Mudofaa vazirining buyrugʻiga asosan pul mukofotlari tantanali topshirildi.
– Oʻgʻlim Elomon koʻrsatgan jasorat meni doim gʻururlantiradi, – deydi qahramon yigitning onasi Yanglish aya. – Oʻgʻlim Vatanini ota-onasidan, yaqinlaridan ham ortiqroq koʻrdi. Qishlogʻimizda unga oʻxshashga intilib, harbiy xizmatga mehrga qoʻygan yigitlar koʻpaymoqda. Demak, bizning tarbiyamiz zoye ketmabdi. Harbiylarimizning doimiy yoʻqlovlaridan boshimiz koʻkka yetdi. Ularga omonlik tilayman.


Uchrashuvda Chirchiq garnizoni harbiy orkestr jamoasi hamda harbiy ansambl yakkaxon ijrochilarining musiqiy chiqishlari, “Navqiron” guruhining dilgir qoʻshiqlari, soʻz ustalarining ajab suxanlari barchaga yuqori kayfiyat ulashdi.

Toshkent harbiy okrugi Matbuot xizmati