ASARDAGI ASAL: ANTUAN DE SENT EKZYUPERI «KICHKINA SHAHZODA»

7

Fransuz adibi Antuan de Sent Ekzyuperining hech bir mukofot bilan siylanmagan, ammo dunyoni hayratga solgan asari bor. «Kichkina shahzoda». Kitob bir qarashda bolalar uchun mo‘ljallangandek tuyulsa-da, muallifning asar mohiyatiga singdirgan ayrim fikrlari aynan kattalarga qarata aytilganiga shubha yo‘q. Zotan, «hech narsadan hayratlanmay qolgan, faqat raqamlar orqali xulosa chiqarishga odatlangan kattalar» ushbu asar mutolaasidan so‘ng hayotga va o‘z-o‘ziga bo‘lgan qarashlarini o‘zgartirib yuborsalar, ajab emas.

Xullas, uchuvchi bir yigit samolyotida yuz bergan nosozlik sabab Sahroi Kabirga favqulodda qo‘nishga majbur bo‘ladi. Buzilgan motor va bir haftaga yetadigan suv bilan qolgan uchuvchi kimsasiz cho‘lda to‘satdan «Kichkina shahzoda»ni, aniqrog‘i, o‘zga sayyoralik bolani uchratib qoladi. Ikkisining o‘zaro suhbati va o‘zga sayyoralikning boshidan kechirganlari to‘g‘risidagi hikoyalari o‘quvchi qalbini tezda egallab oladi. Asardagi voqealar ramziydir. O‘z sayyorasida mitti gulidan arazlab ketgan Kichkina shahzoda unga qo‘shni bo‘lgan oltita sayyorada mehmon bo‘ladi. Birida qirol, birida shuhratparast, piyonista, korchalon, boshqasida geograf, charog‘bonni uchratadi. Nazarimizda, ulardan har biri yon-atrofimizda mavjud bo‘lgan u yoki bu xarakterdagi odamlarning birlashma obrazidir.

Yolg‘izlik va yaqin do‘sti yo‘qligidan g‘am chekayotgan Kichkina shahzoda tulki bilan do‘st tutinadi. Xayrlashuv chog‘i yetganda esa tulki hadya tariqasida bir sirni ochadi: «Odamlar bir haqiqatni unutdilar. Ammo sen aslo yodingdan chiqarma: kimniki qo‘lga o‘rgatgan bo‘lsang, uning taqdiriga hamisha javobgarsan».

Shu jumla ostida Yer kurrasidagi jamiki odamlarning o‘zaro munosabatlarini tutib turgan ajib bir haqiqat mavjud. Ya’nikim biz «qo‘lga o‘rgatgan» – bizga qarindoshlik, do‘stlik, sevgi-muhabbat va hokazo rishtalar ila bog‘langan tirik jonlar oldida biz doimo mas’ulmiz, burchdormiz, ularning taqdiriga ma’lum darajada javobgarmiz.

– Hozir odamlarning biror narsani bilishga vaqti qolmagan. Hamma narsani tayyorligicha magazindan olishadi. Lekin do‘st sotadigan magazin yo‘q-da, shuning uchun ham odamlar endi do‘st orttirmaydi, – deydi Kichkina shahzoda.

Asarga kirib borar ekansiz, Kichkina shahzoda har kuni sayyorasini supurib-sidirib, yig‘ishtirishdan, vulqonlarini tozalashdan, feruza gulini parvarishlashdan, o‘sib, bahaybat daraxtga aylansa, ildizlari mittigina sayyorasini parchalab yuboradigan baobab nihollarini yulib tashlashdan erinmasligiga guvoh bo‘lasiz. Buning zamirida Vatanni qanday asrash, sevish kabi muqaddas tuyg‘ular yotadi.

«Men bir sayyorani bilaman, – deydi Kichkina shahzoda, – u yerda yuzi bo‘zargan bir janob yashaydi. U umrida bir marta gul hidlab ko‘rmagan, biror marta yulduzlarga tikilmagan. U hech qachon birovni sevgan ham emas, umrida biron-bir yumushni ham bajargan emas. U faqat bir ish bilan – raqamlarni bir-biriga urishtirish bilan ovora. Ertayu kech xuddi senga o‘xshab yakkash: «Men jiddiy odamman! Men jiddiy odamman!» deb takrorlagani-takrorlagan. Tag‘in gerdayib-kekkayib yurishini aytmaysanmi! Aslida u odam emas, qo‘ziqorin».

Ha, korchalon singari qo‘shni sayyoralarda istiqomat qilayotganlarning o‘z sayyoralari bilan ishi yo‘q. Hatto shunchaki bir tomonga egilib, sayyorasining narigi burchagiga ko‘z tashlab chiqishga ham erinishadi. O‘zlaricha, hamisha muhim ishlar bilan band. Tanish kimsalar-a? Ularni qaerdadir ko‘rganmiz? Balki ko‘chada, ishxonada… balki u qo‘shnimiz, aka-ukamiz, balki… o‘zimizdir?!

Toshkent harbiy okrugi Matbuot xizmati