USEYN BOLT – DUNYONING ENG TEZ ODAMI

7
565940729SJ00078_15th_IAAF_

Siz uni bir marta bo‘lsa ham televizordan ko‘rgansiz, jilla qursa Bolt ismi qulog‘ingizga tanish tuyular. Uni “Chaqmoq” deb atashardi. Mana, necha yildirki, insoniyatning biror vakili undan o‘zib keta olmadi. Bir-ikki mag‘lubiyat uni battar charxladi, xolos. To‘qqiz karra Olimpiada va o‘n bir karra jahon chempioni, sakkiz marta dunyo rekordini o‘rnatgan bu yamaykalik sportchi o‘z yurti dovrug‘ini olamga yoydi. Shu kungacha 100 metrga yugurishda 9,58 hamda 200 metrga chopishda 19,19 soniya ko‘rsatkichni qayd etgan yagona yengil atletikachi edi u. O‘ng oyog‘i chapiga nisbatan 1,3 sm.ga qisqa bo‘lishiga qaramay, “Chaqmoq” yana sportga qaytdi va hammani lol qoldirishda davom etdi. Uning musobaqalardagi ishtirokini kuzatsangiz, sportchi bir oz maqtanchoq yigitdek taassurot qoldiradi. Yugurarkan, ba’zan yon tomonga boqib, uni kuzatib turgan minglab tomoshabinlarga, muxlislariga tabassum qilishga fursat topadi, ba’zan o‘zidan ortda qolayotgan raqiblariga miyig‘ida kulib qo‘yadi.

Chindan ham uning bir nechta azaliy raqiblari borki, ular har gal Olimpiada o‘yinlarida imkoniyatni “Chaqmoq”qa boy berib qo‘yishadi. Bolt esa o‘zining tanish va betakror tabassumi bilan ular ustidan g‘alabasini nishonlaydi, go‘yo. O‘z tezkorligi va tengsizligidan sarmastlikka balki u haqlidir.
Useyn qatnashgan musobaqalarda g‘olib kim bo‘lishi aniq edi. U startdan boshqalarga o‘xshab o‘qday otilib chiqmas, bir qarashda birinchi bo‘ladigan sportchiga o‘xshamas edi. Ammo marraga sanoqli qadamlar qolganida Bolt haqiqiy ucharga aylanardi. Raqiblar g‘oliblik uchun yillab tinim bilmay mashq qilishlariga qaramay, o‘yindan bosh egib chiqib ketishga majbur edi. Tundan keyin tong otishi qanchalik aniq bo‘lsa, Useynning musobaqalardagi g‘alabasi ham shunchalik muqarrar edi.
Ammo faqat tabiatning qonunlarigina o‘zgarmay qoldi. Bolt esa…
Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan jahon chempionatida u marraga birinchi bo‘lib kela olmadi, ikkinchi bo‘lib ham. Uni 14 yil ichida ilk marta mag‘lub etishdi. O‘sha kuni tengsiz sportchi oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmaganidan ko‘zlariga yosh oldi. Sport bilan xayrlashar ekan, uni yillar davomida tomosha qilib, o‘z hayotidan vaqt ajratgan muxlislariga minnatdorlik bildirdi.

Toshkent harbiy okrugi Matbuot xizmati