HARBIYLAR “OLOV”, “PRUJINA” USULLARIDA PSIXOLOGIK RUHIY YO‘LAKLARDAN O‘TISHDI (+FOTO)

8

Toshkent harbiy okrugiga qarashli harbiy qism batal’on taktik guruhi shaxsiy tarkibi jangovar qoblyatini oshirish, turli xavflarni mardonavor yengib o‘tishda amaliy ko‘nikma hosil qilish maqsadida jangovar holatga keltirildi.


Shaxsiy tarkib jangovar saf tortgan holda sahnalashtirilgan jang maydonida amaliy o‘quvlarni olib bordi. O‘quv jarayonida “Shaxsiy tarkibni axborot-psixologik tajavvuzlardan himoyalash yo‘llari” mavzusida mashg‘ulot o‘tkazildi. Unda harbiy qism komandirining yordamchisi, harbiy psixolog mayor Oybek Usmonov ishtirok etdi. Shaxsiy tarkib “Olov”, “Prujina” kabi usullardan foydalanib, ruhiy yo‘lakdan o‘tdi.

Shu bilan birga, sohaga oid trening tashkillashtirilib, shaxsiy tarkib jangovar BTR-80 mashinasidan va boshqa turdagi o‘q otar qurollaridan bir vaqtning o‘zida shartli dushman va harbiy texnikalarini yakson qilish bo‘yicha amaliy o‘q otish mashg‘ulotlarini bajardi. Mashg‘ulot davomida dushmanning barcha turdagi kuchlari yakson qilindi.

Amaliy o‘q otish mashg‘ulotidan so‘ng shaxsiy tarkibni axloqiy ruhiy holatini ko‘tarish va madaniy hordiq chiqarishlari uchun Angren shahar madaniyat uyi xodimlari tomonidan konsert dasturi tashkillashtirldi.

Toshkent harbiy okrugi Matbuot xizmati