TIYRANDOZNING TIYRAN SABOQLARI

12

Shoirlarning sultoni, lugʻatshunoslarning qomusiy olimi, kuychilarning musiqashunosi, yulduzshunoslarning astranomi, tabiblarning hakimi…

Hazratning tasviriy sanʼatda ham mohirligi bordir. Shoh Husayn Boyqaroning tasviri, zanjirband sher suratini ham ul zot chizganiga manbalar guvohlik beradi. Yana bir qancha kuylar bastakori, koʻprik, tegirmon, hammom, bogʻ, maqbara, masjid, shifoxonalar bunyodkori va meʼmori. Oʻylayvering, soʻzlayvering – Navoiy avvalroq oʻylagan, soʻylagan chiqar.

Bugun soʻz sehrgarining koʻpchilikka ayon boʻlmagan yana bir xislatini kashf qilganday boʻldim. Koʻpchilik bilmas, shoirning kamondan oʻq otish fazilatiga bagʻishlangan “Risolayi tiyr andoxtan” nomli risolasi bor.

Demak ulugʻ shoir oʻq otish sanʼati tiyrandozi ham ekan. Hajman kichik, bir nechta hadis va rivoyatlardan iborat ushbu risolada muallif kamondan oʻq otish saboqlari haqida toʻxtaladi. Diniy dalillar, hikoyatlar asosiga qurilgan ushbu moʻjaz kulliyotni sizga toʻlaligicha havola etsak-da, birga fikr yuritsak.

Qargʻalar – Odam atoning ilk nishoni…

– Hazrat Odam Ato alayhissalom shayton hiylasi bilan jannatdan yerga tushirilgach, Allohning amri bilan dehqonchlik qiladi – bugʻdoy ekadi. Ammo qargʻalar ekilgan bugʻdoyni kavlab, yeb qoʻya boshlagach, Xudoga munojot qiladi. Shunda Yaratgan kamon va oʻq yuboradi. Yoydan oʻq otishni farishta Jabroil (alayhissalom) Odam alayhissalomga oʻrgatadi. Odam Atoning qargʻalarga otgan birinchi oʻqi tegmaydi, farishta Jabroil alayhissalom tabassum qiladi. Ikkinchi bor otilgan oʻq nishonga tegadi, shunda Jabroil alayhissalom oʻz tabassumini qoʻyidagicha izohlaydi: “Agar ilk oʻqing nishonga tekkanida qiyomatgacha hech narsa bolalaring qoʻlidan qutilmas edi”.

Odam Ato avlodlari yelkasidan necha asrlar oʻq-yoy tushmay keldi. Garchi Farishta ibtidoda Odam atoga qargʻalarni mahv etish uchun oʻq otishni oʻrgatsa-da, buning ramziy maʼnosi keyinchalik ayonlashadi. Qargʻa – qora tusdagi raqib, u turfa koʻrinish va shaklda ham boʻlishi mumkin. Demak qurol himoyalanish, himoya qilish uchun inʼom etilgan.

Ilk oʻqning nishonga tegmagani esa Inson dunyosidagi nomukammallik, bandaga xos xato va kamchiliklardan nishona.

Keyinchalik oʻq-yoy insonning juft qanotiga aylandi. Roʻzgʻor uchun ov qilish, tashqi dushmandan himoyalanish va boshqa yumushlarda uning oʻrni beqiyosligicha qoldi.

Hazrat Navoiy ushbu rivoyatni keltirar ekan, oʻq otishni Xudoning lutfi, Odam Safiy alayhissalomning moʻjizasi deb xulosa qiladi.

Umrim oxirlabdi. Kamondan oʻq uzay…

Koʻnglingizdan bir savol oʻtar: aslida oʻq otishning qanday savobi bor. Bu shunchaki dilxushlik emaski, ulkan ajrlar vaʼda qilinsa. Oʻylashimcha, bu ishning hadisini olgan kishi jangchi maqomida boʻladi. Jangchi yurt himoyasidadir. Yurt himoyasi esa oliy amal sanalur. Soʻz mulkining sultoni bunga shunday hikoyat keltiradi:

– Rasululloh sallolohu alayhi vasallam kamonchilikning fazilatini koʻp aytdilar. Sahobalar kamondan oʻq otishning savobini qancha miqdorda deb soʻradilar. Shunda U Zot alayhissalom: “Agar kamonchilikning savobini aytsam, xalq tirikchilikni tashlab, kamondan oʻq otishga berilib ketadi.

Bir soat oʻq otishning savobi ellik yillik toat savobi bilan tengdur. Agar kim oʻq otsa, Alloh unga jannatiylar savobini beradi, nishonga tegizsa, jannat eshigini ochib, bir hurni unga ataydi”.

Muallif bundagi savobning qanchalik ulkanligini boshqa bir voqea bilan dalillaydi:

– Shayxlardan Shafiqi Balxiy jon berish chogʻi oʻq-yoy olib kelib, oʻq otadi. Doʻstlari buni koʻrib “Shayx shifo topibdi” deb xursand boʻldilar. Shunda shayx oʻz holatini: “Umrim oxirlabdi, shunda bir yaxshi amal qilgim keldi. Biror amalni yoydan oʻq uzishdan koʻra yaxshiroq deb topmadim. Chunki oʻq otishda savob koʻp” deya izohlaydi.

Risolada keltirilgan qatʼiy jumlalardan kishi sergak tortadi:

– “Kimki, kamonchilikni oʻrganib, soʻng tark etsa, sunnatimdan yuz oʻgirgan hisoblanadi. U mendan emas”.

80 yil ilgari shodlanadigan yer…

Risoladagi barcha hikoyatlarda oʻq otish savobi va bu yoʻldagi urinishlarga urgʻu beriladi. Demak, oʻq otishni oʻrganish ishtiyoqida boʻlgan kishilarga bu qadar sahovat koʻrsatilsa, tom maʼnoda Vatan himoyasi uchun xizmat qilayotgan oʻgʻlonlarga qanchalar sano aytilishini tasavvur qilavering.

– Bir kuni Paygʻambarimiz alayhissalom borar edilar. Sahoba Saʼd Vaqqosning oʻz farzandlariga kamondan oʻq otishni oʻrgatayotgani ustidan chiqdilar. Rasululloh tomosha qilib turdilar. Shu payt bir yigit kelib, yoydan oʻq uzdi. Rasuli Akram sallolohu alayhi vasallam xushnud boʻldilar. Sahobalar buning sababini soʻraganlarida: “U yigit kelganida gunohlari koʻp edi, oʻq otdi – gunohlari toʻkildi, shuning uchun shodlandim”, – deb izoh berdilar.

Navoiy zakiy inson sifatida bu amalning sharafini yanada koʻklarga koʻtarar ekan, oʻquvchi qalbiga yorqinroq tasavvur berishi uchun shunday deydi:

– Agar bir joyga masjid quriladigan boʻlsa, u yer menda masjid quradilar deb 40 yil oldin shodlanadi. Agar bir yerda oʻq otiladigan boʻlsa, u yer menda oʻq otiladi deb 80 yil ilgari xursand boʻladi.

Bu oʻq jannatda yer olib turibdi…

Shoirning betimsol badiiyati shundaki, hadis va rivoyatlarning ichki haroratini sezib, ularni tartibli bir ipga tiza oladi. Risoladagi voqealar maʼno va mazmunan bir biridan ulgi olib boradi:

– Ali karramallohu vajhahu goho yalang bosh va yalang oyoq oʻq keltirar edilar. Bir kuni Saʼd Vaqqos oʻq otar edilar. Jabroil alayhissalom keldilar. Rasululloh alayhissalom men uchun oʻq ot dedilar. Shunda Jabroil alayhissalom men uchun ham Saʼd oʻq otsin dedi. Saʼd Vaqqos oʻq otdilar. Shunda Rasululloh alayhissalom Xudoyi taolo nomi uchun oʻq otgil dedilar. Saʼd oʻq otdilar. Sahobalar nishonga borib, ikki oʻqni topib, uchinchisini topolmadilar. Jabroil alayhissalom aytdilarki: “Yo Muhammad, u oʻqni topmasinlar. Bu oʻq jannatda Saʼd Vaqqos uchun yer olib turibdi…

Risola ushbu hikoyatlar bilan yakun topadi. Aslida Navoiy oʻq otishning mohiyatini el-ulusga soddagina bayon qilsa ham boʻlar edi, ammo u rivoyat va hadislar yoʻlidan boradi. Harb ishini-da diniy dalillar, hikoyatlar bilan goʻzallashtirishga, koʻrk berishga urinadi va buning uddasidan chiqadi.

Toshkent harbiy okrugi Matbuot xizmati