“ENG ILGʻOR DALA-OʻQUV MAYDONI”  KOʻRIK-TANLOVIDA TOSHKENT HARBIY OKRUGI MUNOSIB ISHTIROK ETDI

12

Joriy yilning 3 – 27-iyun kunlari Mudofaa vazirligi miqyosida “Eng ilgʻor dala-oʻquv maydoni (oʻquv obyekti)” koʻrik-tanlovi boʻlib oʻtdi.

Unda barcha harbiy okrug dala-oʻquv maydonlari obyektlarining butligi, holati va oʻquv moddiy-texnik bazasining ishlash mexanizmi hamda qoʻshinlarni barcha turdagi jangovar tayyorgarlik tadbirlarini taʼminlay olish imkoniyatlari namoyish etildi.

Koʻrik-tanlov jarayonida Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida dala-oʻquv maydonlarini jihozlash boʻyicha ijobiy tajribalarni tatbiq etgan, shuningdek, yangi oʻquv joylarini yaratish hamda harbiy okrug poligonlarida jangovar tayyorgarlik tadbirlarini monitoringini yuritish boʻyicha zamonaviy vositalar hayʼat aʼzolari tomonidan baholab borildi.

Yakuniy natijalarga koʻra, 3-oʻringa Toshkent harbiy okrugining “Chirchiq” dala-oʻquv maydoni, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugning “Nuriston” umumqoʻshin hamda “Termiz” okrug dala-oʻquv maydonlari munosib koʻrilgan boʻlsa, 2-oʻrinni Markaziy harbiy okrugning “Forish” togʻ dala-oʻquv maydoni va Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugning “Muborak” umumqoʻshin dala-oʻquv maydoni qoʻlga kiritdi. Koʻrik-tanlovning mutlaq gʻolibi sifatida Sharqiy harbiy okrugning “Fargʻona” dala-oʻquv maydoni eʼtirof etildi.

Gʻolib va sovrindorlarga Mudofaa vazirining buyrugʻiga asosan qimmatbaho va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Toshkent harbiy okrugi Matbuot xizmati