“TUYABO‘G‘IZ” OSMONIDAGI DESANTCHILAR

13

Toshkent harbiy okrugi maxsus bo‘linma harbiy xizmatchilari Yuqori Chirchiq tumanidagi “Tuyabo‘g‘iz” suv omborida parashyut bilan suvga sakrash bo‘yicha amaliy o‘quv mashg‘ulotini o‘tkazishdi.


Podpolkovnik G‘ulom To‘ychiyev rahbarligidagi desantchilar Mi-8 harbiy vertolyotida havoga ko‘tarilib, “Tuyabo‘g‘iz” suv ombori osmonidan parashyut bilan suvga sakrashdi.


Jami 74 nafar desantchi olti guruhga bo‘linib, o‘z jangovar mahoratini namoyish etishdi. Vertolyot bortida katta serjant Oltinboy Qilichev hamda serjant Oybek Egamberdiyevlar parashyutchilarga muhim tavsiyalarni berib turishdi.


Ha, parashyut bilan suvga sakrash quruqlikka sakrashdan murakkabroq sanaladi. Chunki desantchi suvga sho‘ng‘ish oldidan parashyut yuk xaltasini yechishi, so‘ngra qirg‘oqqacha suzib chiqishi kerak. Bunda uning suzish mahorati ham sinovdan o‘tadi.


Mashg‘ulotlar bevosita Qurolli Kuchlar Bosh Shtabi jangovar tayyorgarlik bosh boshqarmasining mas’ul ofitserlari tomonidan nazorat qilib borildi.

Toshkent harbiy okrugi Matbuot xizmati