TOSHKENT HARBIY OKRUGINING “ENG NAMUNALI KITOBXON OILA”SI ANIQLANDI

25

“Eng namunali kitobxon oila” koʻrik tanlovining Toshkent harbiy okrugi bosqichi nihoyasiga yetdi. Intellektual bellashuvlar davomida oʻnlab kitobxon harbiy oilalar oʻz bilimlarini hakamlar hayʼati va tomoshabinlar oldida sinovdan oʻtkazishdi.

Tanlovning tanishtiruv shartida kitobxon oilalar oʻzlarining badiiy, musiqali va sheʼriy chiqishlari bilan qatnashdi. Biz kitobxon oilamiz sharti boʻyicha ishtirokchilar oʻzlari tanlagan kitob, sheʼr, monolog mazmun-mohiyatini ifodali sharhlab berishdi.

Badiiy va maʼnaviy savodxonlik shartida esa bilimdonlar “Oʻzbek adabiyoti bilimdoni”, “Jahon adabiyoti bilimdoni” va “Buyuk mutafakkir va adib” yoʻnalishlarida bellashdi

Nizomga koʻra bir nafar eng yaxshi kitobxon harbiy oila tanlovning Vazirlik miqyosida oʻtadigan final bosqichida qatnashish huquqiga ega boʻladi.

Qizgʻin kechgan bellashuvlarning barcha shartlari boʻyicha yuqori ball toʻplagan serjant Botir Karimov oilasi gʻoliblikni qoʻlga kiritib, keyingi bosqichga yoʻl oldi.

Tanlov yakunida faol qatnashgan kitobxon harbiy oilalarga diplom va faxriy yorliqlar topshirildi.

Toshkent harbiy okrugi Matbuot xizmati